Jamiyat | 21:14 / 04.07.2019
15652
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda davlat soliq organlari rahbarlik lavozimlariga ayollar ham tayinlanmoqda

Buxoro viloyati davlat soliq organlarida rahbar lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash, xususan rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda, deb ma'lumot bermoqda Kun.uz’ga Buxoro viloyati DSB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘'basi.

Davlat soliq boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan Buxoro viloyatining Buxoro tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga Maqsuda Bahodirovna Muhammedova tayinlandi.

M.Muhammedova 1982 yili Buxoro tumanida tug‘ilgan. Oilali, ikki nafar farzandi bor. Ma'lumoti oliy, soliq sohasidagi mehnat faoliyatini 2004 yilda Buxoro tumani davlat soliq inspeksiyasining ish yurituvchi lavozimida boshlab, mazkur tuman soliq inspeksiyasida turli lavozimlarda ishlagan.

Yangi lavozimga tayinlangunga qadar esa Buxoro tumani davlat soliq inspeksiyasining soliq qarzini undirishni tashkil etish bo‘limi davlat soliq bosh inspektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Davlat soliq boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan Buxoro viloyatining Kogon shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga Komila Komilovna Ahmadova tayinlandi.

K.Ahmadova 1991 yil Romitan tumanida tug‘ilgan. Oilali, ikki nafar farzandi bor. Ma'lumoti oliy, soliq sohasidagi mehnat faoliyatini 2016 yilda Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani davlat soliq inspeksiyasining Kameral nazorat sho‘'basi davlat soliq inspektori lavozimida boshlab, Kogon tuman soliq inspeksiyasida turli lavozimlarda ishlagan.

Yangi lavozimga tayinlangunga qadar esa Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi Kameral nazorat bo‘limi davlat soliq bosh inspektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Ta'kidlash lozimki, mamlakatimizda ayollar va yoshlar jamiyatimizning eng faol qatlami hisoblanib, hukumatimiz ularga tayanadi.

Zero, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek, «Hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i shart».

Mavzuga oid