Jahon | 20:31 / 05.07.2019
9402
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Oyga qaytishga va Marsda bayroq o‘rnatishga va'da berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning koinotdagi muvaffaqiyatlarini rivojlantirib, Oy va Marsga yangi ekspeditsiyalar yuborishga va'da berdi. Tramp bu haqda Vashingtonda 4 iyulda AQSh mustaqilligi kunidagi nutqi davomida aytib o‘tdi.  

“Amerikaliklar uchun ilojsiz narsa yo‘q. 50 yil avval butun dunyo temir asabli astronavtlar Oyga qo‘ngani va unda buyuk Amerika bayrog‘ini o‘rnatganini kuzatgan. Biz Oyga tez orada qaytmoqchimiz, shundan ko‘p o‘tmay Marsda AQSh bayrog‘ini o‘rnatamiz”, deb aytgan Tramp.

May oyida Tramp Oy va Marsni zabt etish uchun NASA koinot agentligiga qo‘shimcha 1,6 mlrd dollar ajratishga va'da bergan. 

Amerikalik fazogirlarning Oyga qo‘nishi “Apollon” koinot dasturi doirasida amalga oshirilgan.

Oyga insoniyat tarixidagi ilk qo‘nish 1961 yil 12 sentyabrda “Apollon-11” ekspeditsiyasi doirasida yuz bergan: Yerning tabiiy yo‘ldoshiga fazogirlar Nil Armstrong va Bazz Oldrin birinchi bo‘lib qadam qo‘yganlar. O‘shanda Armstrong Oyda turib, o‘zining mashhur iborasini aytgan: “Inson uchun kichik qadam, biroq insoniyat uchun ulkan sakrash”. 

“Apollon” doirasida amerikalik fazogirlar Oyda 6 marta bo‘lishgan, oxirgi qo‘nish 1972 yilda amalga oshirilgan.

Oyga kamida yana uchta ekspeditsiya jo‘natish rejalashtirilgan, biroq NASA budjeti qisqartirilgani sababli ular amalga oshmay qolgan. O‘shandan beri agentlik Oyga faqatgina avtomatik tadqiqot qurilmalarinigina jo‘natib keladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid