Jahon | 22:14 / 08.07.2019
29438
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an tansoqchilari bosniyalik chegarachilar bilan mushtlashib ketdi – OAV

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tansoqchilari Bosniya va Gersegovinadagi Sarayevo aeroportida chegara politsiyasi xodimlari bilan mushtlashib ketdi.    

Klix portalining xabar berishicha, Erdo‘g‘an tansoqchilari o‘zini nomaqbul tutgan va nazoratdan o‘tishdan bosh tortgan.

Ta'kidlanishicha, tansoqchilar va chegarachilar o‘rtasida boshlangan dahanaki jang mushtlashuvga aylanib ketgan. Erdo‘g‘an tansoqchilari samolyotdan qurol olib, ularni kamarlariga tiqib olishgan, biroq trapda Erdo‘g‘an paydo bo‘lishi bilan mojaro tugagan.  

Portalning ta'kidlashicha, Erdo‘g‘anning Sarayevoga avvalgi tashriflari vaqtida ham Turkiya prezidenti tansoqchilari o‘zlarini qo‘pol tutishgan va aynan shu bosniyalik chegarachilarning keskin munosabatiga sabab bo‘lgan.   

Erdo‘g‘an Sarayevoga Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlari hamkorligi jarayoni sammitida ishtirok etish uchun keldi.

2017 yil may oyida Erdo‘g‘anning AQShga safari vaqtida Vashingtonda uning tashrifiga qarshi namoyish o‘tgan. Turkiya yetakchisi tansoqchilari namoyishchilarni tarqatishga urinishi vaqtida ikki tomon o‘rtasida janjal chiqqan.

Mavzuga oid