Jamiyat | 19:13 / 08.07.2019
13863
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor Qashqadaryoda kitob monumenti o‘rnatildi

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma'naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

 Bugun, 8 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi Qarshi davlat universiteti ro‘parasida ilmga atab ramziy ma'noda “Kitoblar monumenti” o‘rnatildi. Ushbu monumentning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir nafaqat talaba-yoshlar, balki butun viloyat aholisida katta taassurot qoldirdi. Bu haqda KUN.UZ’ga viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur monument qaysidir ma'noda mamlakatimiz bo‘ylab yoshlarni kitobxonlikka jalb etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 

12 dona eng nodir asarlar to‘plami aks etgan ushbu monumentda o‘ziga xos ramziy ma'no mujassam. Bu yerda Alisher Navoiy, Abu Ali Ibn Sino, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov, Sharof Rashidov kabi alloma va mutafakkirlar bilan bir qatorda “javonga” Balzak, Shekspir, Pushkin kabi jahon adabiyotining yetakchi namoyandalari ham kiritilgan.

– Universitetimiz qoshida mana shunday monumentning o‘rnatilishi bizni to‘lqinlantirdi, – deydi Qarshi davlat universiteti 2-bosqich talabasi Shohsanam Abdushukurova. – Kitob bebaho ne'mat ekani barchamizga ma'lum, lekin uni qadriyat darajasiga ko‘tarib, tarixga muhrlash hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Internet sahifalarida Germaniyada buyuk nemis yozuvchi-shoirlarining asarlari hurmatiga qo‘yilgan monumentni ko‘rgandim. O‘zbek adabiyotida ham shunday buyuk ijodkorlar va ularning asrlarga tatigulik asarlari borki, ular dunyo tamadduniga ta'sir o‘tkaza oladigan darajada kuchli. Mana bugun ramziy ma'noda ular hurmatiga biz ham monument o‘rnatdik. Bu monument nafaqat kitobxonlikka da'vat qiladi, balki har daqiqada o‘zbek adabiyotining boqiy ekanligini eslatib turadi.

Tadbirda viloyat hokimi Zafar Ruziyev qatnashdi va nutq so‘zladi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Сарвар Рахимов
Tayyorlagan Сарвар Рахимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid