Jamiyat | 13:02 / 11.07.2019
35373
5 daqiqa o‘qiladi

Meksikalik “mehmon”: Undan qanday qutulish mumkin?

Foto: Wikipedia

Soha mutaxassislarning yozishicha, aslida, ularning vatani — Meksika. Ammo 1859 yilda AQShning Kolorado shtatidagi kartoshka dalalarida uyushtirilgan dahshatli “qirg‘in”dan so‘ng hozirgi nomi berilgan. Shimoliy amerikalik “mehmon” yurtimizga ilk bor 1974 yilda Belarusdan keltirilgan kartoshka urug‘ligi bilan birga “tashrif” buyurgan va ko‘rinishidan hali-beri “qorasini o‘chirgisi” yo‘q. Yanglishmadingiz, gap dehqonlarning allaqachon “qo‘rqinchli tushi”ga aylangan — Kolorado qo‘ng‘izi haqida. Bu haqdagi ma'lumotlarni KUN.UZ’ga “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi Axborot xizmati taqdim etdi.

Bu baloni daf etish chora-tadbirlariga to‘xtalishdan oldin, hasharotni hayratlanarli xususiyatlari haqida bilib olish zarar qilmaydi. Demak, Kolorado qo‘ng‘izi uch yilcha hech narsa yemasdan yashashi mumkin. Jonivor juda ayyor, xavf sezganda o‘zini “o‘likka” solishdek “fazilatga” ega. Shuningdek, organizmi uncha-muncha zaharga moslashuvchan, ya'ni tezda unga qarshi immunitet hosil qilib oladi.

Qo‘ng‘iz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridan tashqari, O‘zbekistonning barcha hududlarida tarqalgan. Bu zararkunanda kartoshka bargini kemirib zarar yetkazadi, ayrim hollarda hosilni 50 foizgacha nobud qilishi mumkin. Yana baqlajon va pomidorga ham ishtahasi chakki emas. Xo‘sh, ulardan qanday qutulish yoki zararini kamaytirish mumkin?

Piyoz po‘stlog‘i. Ma'lum bo‘lishicha, Kolorado qo‘ng‘izining — piyoz, qalampir, xantal, sarimsoq va yalpizning o‘tkir hidiga “toqati” yo‘q. Shuning uchun mutaxassislar kartoshkani ushbu o‘simliklar bilan almashlab ekishni tavsiya etadi. Xususan, urug‘ qadash jarayonida “chuqurcha”ga piyoz po‘stlog‘ini ham tashlab qo‘yish yaxshi samara beradi.

Qo‘l “jangi”. Hasharotlarga qarshi kurashda yana bir foydali va ekologik xavfsiz metodlardan biri. Ularni qo‘lda terib chiqish — kichikroq hamda kamsonli “lashkar” yig‘ilgan maydonda, ayniqsa, qo‘l keladi. Ammo mayda lichinkalarini terish biroz diqqattalab yumush. Ko‘proq o‘simlik yaprog‘ining pastki qismiga e'tibor qiling, to‘q sariq rangli mitti kushanda odatda o‘sha yerga berkingan bo‘ladi.

“Gadoning dushmani — gado”. Entomofag jonzotlar haqida eshitganmisiz? Unda bilib qo‘ying, bu termin o‘zi hasharot bo‘la turib, ayni turdagi “maxluqotlar” bilan oziqlanadiganlarga nisbatan qo‘llaniladi. Masalan, xon qizi, jujyelitsa, qandala, chumoli va o‘rgimchaklar — kolorado qo‘ng‘izining tabiatdagi ashaddiy dushmanlari hisoblanadi. Ammo ularni uy sharoitida emas, biolaboratoriyalarda ko‘paytirish qulayroq.

Qatron. To‘g‘ri, uning hidi o‘tkir va yoqimsiz, ammo qo‘ng‘iz balosidan qutulmoqchi bo‘lsangiz, chidashga majbursiz. Xullas, 1,5 litrli shisha idishni qaynoq suv bilan to‘ldirasiz va unga 10 millilitr qatron qo‘shib, yaxshilab aralashtirasiz. Keyin shisha qopqog‘idan kichikkina “darcha” ochib, gullash davrida kartoshka tuplariga ishlov berasiz. Ammo bu usulning bitta “no” tomoni bor. Yomg‘ir yog‘ishi bilan qo‘ng‘izlar yana hujumga o‘tishi mumkin.

O‘simliklar klinikalari. Qo‘ng‘iz, yana hozirda tarqalayotgan kartoshka kuyasi bilan kurashga kirishayotganda, shuni yodda tutingki, ularni turli zaharli moddalar bilan butkul yo‘q qilish — imkonsiz. Har populyatsiya davrida jonini omon saqlashning uddasidan chiqqan hasharot baribir topiladi. Bu — har yili navbati bilan eng so‘nggi avloddagi preparatlarni qo‘llash lozimligini anglatadi. Buning uchun, masalan, “O‘simliklar klinikalari”ga murojaat qilishingiz mumkin.

Faqat odamlarni emas, gulu-giyohlarni ham “davolashadi”. Qovjirayotgan niholga “tez yordam” chaqirish, eshitgan quloqqa g‘alati tuyular. Ammo bu turdagi xizmatlar qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlarda allaqachon ommalashgan. O‘zbekistonda ham ularning soni 200 ga yaqinlashib qoldi.

Xullas, o‘zimizniki bo‘lib qolgan “mehmon”dan qutulmoqchi bo‘lsangiz, avvalo, “fitosanitar madaniyat”ga amal qiling!

Mavzuga oid