Sport | 19:40 / 15.07.2019
10831
5 daqiqa o‘qiladi

«Benfika» 2009-2019: Grand klublarga sotilgan futbolchilar ramziy jamoasi

Portugal klublari xalqaro turnirlarda e'tirofga loyiq natijalar qayd etmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. O‘z davrida jahon futbolining eng kuchli klublaridan bo‘lgan «Portu» va «Benfika» Yevropa grandlariga qarshilik ko‘rsatolmaydigan darajada o‘rtamiyona jamoaga aylanib qoldi.

Shunday bo‘lsa-da, bu ikki klubning ishida maqtashga arzigulik bir jihat bor: ular grand klublarni doimiy ravishda yulduzlar bilan ta'minlab turishibdi. Shu oy boshida Madridning «Atletiko»si «Benfika»dan Joau Felish atalmish yosh iqtidorni 120 million yevro (!) evaziga xarid qilgach, Tribuna.uz mazkur klub oxirgi 10 yillikda kimlar uchun tramplin vazifasini o‘tab bergani haqida ma'lumot berib, ulardan iborat ramziy jamoa tuzib chiqdi.

DARVOZABON
Yan Oblak 
(«Benfika» jahon futboliga taqdim etgan darvozabonlardan yana biri Ederson Morayesdir)

Sloven futboli haqida gap ketar ekan, ko‘pchilikning tasavvurida birinchi bo‘lib darvozabonlar namoyon bo‘lsa kerak. Ha, oxirgi paytlarda mazkur diyor futboli faqat darvozabonlari bilangina maqtana oladi. Dastlab, Samir Handanovich A Seriyaning eng yaxshi kiperlaridan biriga aylangandi. Bugungi kunda esa uning izdoshi Yan Oblak jahonning eng  kuchli darvozabonlaridan biri sifatida e'tirof etiladi.

Oblak sloven klublarida tarbiyalandi va 16 yoshida «Olimpiya» (Lyublyana) klubining asosiy darvozaboniga aylandi. 17 yoshida «Benfika» tarkibiga qo‘shildi. 2014 yilda undagi iqtidorni anglagan «matraschilar» ustozi Diyego Simeone Oblakni o‘z jamoasiga qo‘shib oldi. Oradan ikki yil o‘tgach, Oblak jahonning eng kuchli darvozabonlaridan biriga aylandi. Hozir u 26 yoshda.

HIMOYaChILAR
Nelson Semedu
 (ushbu pozitsiyaga nomzodlardan yana biri Joau Kanseludir)

Semedu «Benfika» safiga 2012 yil 19 yoshida qo‘shildi. 2015 yildan asosiy jamoa safida harakatlana boshlagan Nelson 2017 yil «Barselona»ga o‘tgan.

David Luiz

2007-2011 yillarda lissabonliklar tarkibida o‘ynagan futbolchi 24 yoshida London «aristokratlari» safiga qo‘shildi va bir yildan keyin Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib bo‘ldi.

Viktor Lindelyof

Shvetsiyalik himoyachi 2013-2017 yillarda «Benfika»dagi faoliyati davomida Joze Mourinoning nazariga tushdi va «Manchester Yunayted» futbolchisiga aylandi.

Fabio Koentrau

2007-2011 yillarda mazkur klub libosida maydonga tushgan Fabio ham Joze Mourinoning nazariga tushgan va «madritist»ga aylangandi. «Qaymoqranglilar» futbolchi uchun 30 million yevro to‘lagandi.

YaRIM HIMOYaChILAR
Nemanya Matich

Serbiyalik futbolchi ham Joze sabab klubni tark etgan. 2011-2014 yillarda «Benfika»da o‘ynagan Matich «Chelsi» futbolchisiga aylangandi.

Santos do Nasimento – Ramires

Braziliyalik futbolchi 2009-2010 yillarda ushbu jamoa safida to‘p surib, so‘ng «Chelsi»ga o‘tgan.

Renatu Sanshesh

Renatu 2015-2016 yillarda debyut mavsumini o‘tkazdi. Fernandu Santush uni Yevro-2016ga olib bordi. Chempionatdagi ajoyib o‘yinidan keyin 19 yoshida «Bavariya» futbolchisiga aylandi.

HUJUMChILAR
Di Mariya

2007-2010 yillarda «Benfika» yetakchisiga aylangan Anxel 2010 yilda «Real» safiga qo‘shildi va yakunda Chempionlar ligasida zafar quchdi.

Bernardu Silva

«Benfika»da 2013-2015 yillarda o‘ynagan Bernardu «Monako» safida qo‘shilgandi. Hozir «Siti» libosida o‘ynayotgan futbolchi allaqachon Portugaliya milliy jamoasi yetakchilaridan biriga aylanib ulgurdi.

Joau Felish

Joau debyut mavsumidayoq grand klublar e'tiborini o‘ziga qarata oldi va yakunda «Atletiko» futbolchisiga aylandi.

Mavzuga oid