YeChL. 1/4 final. 19 aprel
Javob o‘yinlari
Bavariya — Manchester Siti 1:1
Gollar: Kimmih (83, penalti) — Holand (57). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Holand (38). 
Bavariya – Zommer, Pavar (Stanishich, 77), Upamekano, de Ligt, Kanselu (Devis, 63), Goretska, Kimmix, Koman, Sane (Mane, 64), Musiala (Myuller, 72), Shupo-Moting (Tel, 71).
Manchester Siti – Ederson, Ake (Laport, 67), Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Uoker, 88), Grilish, Silva, Rodri, Holand (Alvares, 84).
Ogohlantirishlar: Kanselu (11), Upamekano (35), Ederson (44), Gundo‘g‘an (45), Kimmih (45), Ake (54), Pavar (60), Laport (86), Stanishich (88).
Birinchi o‘yin — 0:3.

Pep Gvardiolaning Chempionlar ligasi chorakfinali bilan munosabatlari alohida tarix. Birinchidan, ushbu kataloniyalik mutaxassis «Manchester Siti»dagi dastlabki to‘rt mavsumida bu bosqichdan o‘ta olmagan. Ikkinchidan, jamoaning o‘sha o‘yinlar uchun o‘ylab topilgan taktikalari to‘g‘risidagi memlar internetni to‘ldirgan. Boshqa tomondan, o‘sha davrda «Siti» murabbiyning ayyor g‘oyalariga moslasha olmaydigan holatda edi va shuning uchun turnirni erta tark etardi.

So‘nggi mavsumlarda esa Gvardiola ishlab turgan tizimni buzib qo‘ymaslikni o‘rgandi va uning uchun chorakfinal tavqi la’nati g‘oyib bo‘ldi. Ammo «Siti» hamon taktika va tarkib nuqtayi nazaridan oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lgan klub bo‘lib qolayotgandi.

Ammo Pep hayron qoldirishni va o‘zgarishni biladi. Myunxendagi uchrashuvga u nimchorakfinalda «Leypsig»ga qarshi va chorakfinalning birinchi o‘yinida «Bavariya»ga qarshi o‘ynagan tarkibni tushirdi. Yevrokubokda ketma-ket uch o‘yinda «MS»ning boshlang‘ich tarkibi bir xil bo‘lishi — Gvardiola uchun bu nonsens.

Upamekanoning bekor qilingan chetlatilishi

Bunday tanlovni natija bilan izohlash mumkin — «Siti» YeChLning oxirgi ikki o‘yinida umumiy 10:0 hisobida g‘alaba qozongandi. «Bavariya»dan esa o‘zgarish talab etilardi va Tomas Tuxel buni amalga oshirdi. Manchesterda kuchsizroq ko‘ringan Gnabri o‘rniga oldingi chiziqda Shupo-Moting paydo bo‘ldi, Devisning o‘rnini — Joau Kanselu egalladi. Murabbiy birinchi o‘yindan keyin Sanening labini yorib yuborgan va jamoa bilan ishlashdan vaqtincha chetlatilgan Maneni ham kechirdi.