«Samosud» nima va nimasi bilan xavfli?
Bugun jamiyatimizda sodir bo‘layotgan ayrim voqealarni ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, odamlarimiz kundan-kunga bag‘ritosh bo‘lib borayotgandek tasavvur uyg‘onadi.
Deyarli kunora chiqayotgan birovga tan jarohati yetkazish, o‘ldirib qo‘yish bilan bog‘liq voqealarga aksariyat hollarda spirtli ichimlik ta'sirida aqlini yo‘qotish, o‘zini boshqara olmaslik sabab bo‘lyapti. Lekin, aqli-hushi joyida, soppa-sog‘ fuqarolarimiz tomonidan ham boshqalarni “o‘zicha sudlash” va jazolash voqealari tez tez sodir bo‘lyaptiki, bu hammamiz uchun juda achinarli holat.
“O‘zicha sudlash” nima va nimasi bilan xavfli?
“O‘zicha sudlash” – bu huquqbuzarlik sodir etgan yoki huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilingan shaxs haqida tegishli davlat organiga xabar qilmasdan, uni o‘zboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda jazolashdir.
“O‘zicha sudlash” degan illatning yaqqol misoli sifatida, yaqinda, Toshkentning Qo‘yliq bozorida birovning avtomobilini ochayotgan shaxslarni, Samarqand viloyatida fermer xo‘jaligi mol-mulkini o‘g‘irlashda gumon qilingan shaxslarni, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida bemorning o‘limida gumon qilingan shifokorlarning o‘zboshimchalik bilan jazolanganini ko‘rsatish mumkin.
O‘zicha sudlash jamiyat uchun katta xavf tug‘diradigan holat. Nimasi bilan deysizmi? Asosiy xavflarni sanab o‘tamiz, demak:
- birinchidan, “o‘zicha sudlash” oqibatida jazolangan shaxs aslida aybsiz bo‘lishi yoki aybdor-u, lekin jazo adolatli bo‘lmasligi, ya'ni arzimagan qilmish uchun juda jiddiy jazo berib yuborilishi mumkin. Chunki, o‘zicha sudlash ko‘pincha to‘satdan aniqlangan holatlar bo‘yicha va holat sodir bo‘lgan joyning o‘zida, ko‘pchilikning his-hayajonini jilovlash imkoni mavjud bo‘lmagan sharoitlarda sodir etiladi. “O‘zicha sudlash” paytida jazolayotgan shaxslar jazo adolatli bo‘lishi kerakligini o‘ylab o‘tirmaydi, odatda kuchi yetganicha jazolab yuboraveradi;
- ikkinchidan, “o‘zicha sudlash”ni amalga oshirayotganlarning o‘zlarini sog‘ligi va hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Agar ushlangan shaxs rostdan ham jinoyati bo‘lsa va o‘zi bilan pichoq yoki biror sovuq qurol olgan bo‘lsa, jazolamoqchi bo‘lganlarning sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin;
- uchinchidan, o‘zicha sudlash bu shunchaki tartibsizlik va madaniyatsizlik bo‘lib, o‘zini hurmat qilgan har qanday davlatda Hukumat bunday holatlarga qarshi keskin kurashadi. Chunki, har qanday tartibsizlik mamlakatni rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, obro‘siga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, va vaqtida to‘xtatilmasa xaos, ya'ni boshboshdoqlikka olib kelishi hech gap emas.
Qonun tilidan..
Qonunlarimiz “o‘zicha sudlash”ni taqiqlaydi.
Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilab qo‘yilgan. Ya'ni, tegishli sudning qarorisiz birovni aybdor hisoblash ham, jazolash ham mumkin emas.
Bundan tashqari, “o‘zicha sudlash”, ya'ni qonun tili bilan aytganda “o‘zboshimchalik” O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 200-moddasi va Jinoyat kodeksining 229-moddasiga muvofiq, fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga, davlat manfaatlari yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmagan holda sodir etilsa, eng kam ish haqining uch baravarigacha miqdorda jarima bilan, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shuningdek, “o‘zicha sudlash” ko‘pincha jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etiladi va Jinoyat kodeksining 277-moddasiga muvofiq “bezorilik” deb baholanib, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo bilan jazolanadi.
Lekin, bu hammasi emas.
O‘zicha sudlash oqibatlaridan kelib chiqib, jazo yanada og‘irlashishi mumkin. Masalan, o‘zicha sudlash oqibatida kimdir o‘ldirib qo‘yilsa, unda qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish (jazosi – 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha), tan jarohati yetkazilsa qasddan badanga shikast yetkazish (jazosi – 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha), agar o‘zicha sudlash xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga nisbatan amalga oshirilsa unda hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish (jazosi – 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha) deb baholanishi va aybdor shaxslar ana shu jinoyatlar uchun belgilangan jazoga tortilishi mumkin.
Yana shunday murakkab holatlar borki, ularni huquqshunos bo‘lmagan odam boshiga tushmaguncha bilmaydi. Masalan, oddiy qarz oldi-berdisi bilan bog‘liq mojarolarni misol keltirish mumkin. Bilamizki, qarzni yoki uning foizini qaytarib olish uchun qarz beruvchi ko‘p narsaga tayyor bo‘ladi va ayrim hollarda ish “o‘zicha sudlash”gacha yetib boradi. Shu o‘rinda, qarz bergan, lekin qaytarib ololmayotgan fuqarolarimiz shuni bilib qo‘yishlari kerakki, qarzdordan qarzni talab qilishda qarzdorga qandaydir shaklda kuch ishlatish, agar qarzdorni sog‘lig‘iga zarar yetmagan bo‘lsa, o‘zboshimchalik (JKning 229-moddasi) tariqasida baholanadi. Qarzdor va qarz beruvchi o‘rtasida foizlar to‘lash bo‘yicha oldindan kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, berilgan qarz uchun foiz talab qilish tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil qiladi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 17 apreldagi 11-sonli qarori).
Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ham “o‘zicha sudlash” uchun og‘ir jazo choralari belgilangan. Xususan, Buyuk Britaniyada 3 va undan ortiq kishi umumiy maqsad uchun qonunga xilof kuch ishlatsa yoki shunday kuch ishlatish bilan qo‘rqitsa, hamda ularning xatti-harakati o‘sha yerda hozir bo‘lgan boshqa shaxslarga o‘z shaxsiy xavfsizligi uchun qo‘rqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, ushbu shaxslar zo‘ravonlik harakatlarini sodir etishda aybdor deb topiladi hamda 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar birgalikda hozir bo‘lgan 12 va undan ortiq kishi umumiy maqsad uchun qonunga xilof kuch ishlatsa yoki shunday kuch ishlatish bilan qo‘rqitsa, hamda ularning xatti-harakati o‘sha yerda hozir bo‘lgan boshqa shaxslarga o‘z shaxsiy xavfsizligi uchun qo‘rqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, barcha shaxslar ommaviy tartibsizlik sodir etishda aybdor deb topiladi hamda 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nima qilish kerak?
Maqolaning boshlanishida ta'kidlanganidek, “o‘zicha sudlash” holatlari ko‘payib bormoqda. Faqatgina tibbiyot xodimlariga nisbatan qilingan bunday harakatlarni o‘zini oladigan bo‘lsak, birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018 yil va 2019 yilning o‘tgan olti oyi davomida 50 dan ortiq tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar sodir etilgan.
Balki, “o‘zicha sudlash”ga sabab bo‘lgan voqealarda jabrlanganlarning ham ayblari bordir. Ya'ni, haqiqatdan ham o‘g‘irlik yoki unga suiqasd qilingandir, tibbiyot xodimlari bilan sodir bo‘lgan voqealarda esa sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatilgandir. Biz buni tasdiqlay ham, inkor qila ham olmaymiz. Lekin, shunisi aniqki, nima bo‘lganda ham aybdorlarni aniqlash va jazolashni istalgan odam amalga oshirib ketaverishga haqqi yo‘q. Buning uchun tegishli davlat organlari bor.
Shuning uchun, biror shaxsni noqonuniy harakati uchun jazolamoqchi bo‘lgan odam ichki ishlar, milliy gvardiya, prokuratura va boshqa davlat organlariga murojaat qilishi kerak.
Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 39-moddasiga muvofiq, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi. Bunda maxsus vakolatli shaxslar bilan bir qatorda jabrlanuvchi va boshqa fuqarolar ham ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash huquqiga egadirlar.
Lekin, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chegarasidan o‘tib, uni o‘zicha “o‘zicha sudlash”ni amalga oshirganlarning o‘zlari ham sudlanishlari aniq. Faqat ular qonuniy tartibda sudlanadilar va jazolanadilar!
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti “o‘zicha sudlash”dan kelib chiqadigan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilib boradi va, xorij tajribasini o‘rgangan holda, bunday huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar haqida takliflar tayyorlaydi.
A'zam Madaminov, Abduxalil Tursunov
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas'ul xodimlari
Mavzuga oid
15:27 / 10.07.2024
Samarqandda bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni jazolagan erkakning o‘zi ham “samosud” qilindi
07:29 / 09.07.2024
Toshkentda bir yigitni «samosud» qilib, mashinada olib ketganlar ushlandi
12:12 / 20.05.2024
Samarqandda o‘quvchi sevgi izhor qilgani sabab “samosud” qilindi
11:46 / 10.05.2023