Sport | 12:26 / 23.07.2019
10957
2 daqiqa o‘qiladi

Mahrez Misrga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga tushishi mumkin

Foto: AFP/Getty Images

«Manchester Siti»ning jazoirlik hujumchisi Riyod Mahrezga Misrga kirish taqiqlanishi ehtimoli yuqori, deb xabar bermoqda Al Araby.

Juma kuni Mahrez Jazoir milliy jamoasi bilan Afrika millatlari kubogida g‘olib chiqqan, chempionlar Qohirada o‘tgan finalda Senegalni 1:0 hisobida mag‘lub etishgandi.

O‘yindan keyingi taqdirlash marosimida Riyod Misr bosh vaziri Mustafo Madbuli va sport vaziri Ashraf Sobhiga qo‘l berishga unamagan. Jazoir milliy jamoasi sardori FIFA prezidenti Janni Infantino va yana bir amaldor bilan qo‘l siqishgan, ammo mezbon mamlakat hukumati vakillariga kelganda orqa o‘girib, kubok tomonga yo‘l olgan.

Misrlik muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda hujumchining bu harakatini qoralashgan, ikkinchi tomon esa u buni ataylab qilmaganini ta'kidlamoqda.

Qayd etish joiz, Jazoir va Misr milliy jamoalari Afrikada prinsipial raqiblar sanaladi. Mahrez bilan bog‘liq voqeadan oldin Jazoir termasi bosh murabbiyi Jamol Belmadi misrlik muxlislar Jazoirni qo‘llashi haqidagi savolga javoban: «Fransiyada ko‘z shifokorimga ko‘rinishim kerak, chunki buni [misrliklar bizga muxlislik qilayotganini] ko‘rmayapman», – deb kinoya qilgan edi.

Mavzuga oid