O‘zbekiston | 17:17 / 23.07.2019
20599
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Alimov O‘zMU rektorining ilmiy maslahatchisi etib tayinlandi  

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Bugun, 23 iyul kuni O‘zMUda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov boshchiligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda prezidentning 2019 yil 18 iyundagi PQ-4358-sonli qarorida belgilangan vazifalar, xususan, universitetning O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'limi bayroqdori sifatidagi maqomini tiklash maqsadida 2019-2023 yillarda muassasani kompleks rivojlantirish dasturi doirasida qilinadigan ishlar muhokama qilindi.

Prezident qarori bilan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining tashabbusi - universitet huzurida Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazini tashkil etish taklifiga rozilik berilgan edi.
 
Yig‘ilishda O‘zMU qoshida yangi Intellektual dasturiy tizimlarning ilmiy-amaliy markazi ochilishi e'lon qilindi. Markazga umumiy rahbarlik va uning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Universitet rektorining ilmiy konsultanti lavozimiga dunyo miqyosida tan olingan matematik olim, professor Shavkat Orifjonovich Alimov tasdiqlandi.

Markazning direktori etib intellektual dasturiy tizimlar yaratishda xorijiy tajribaga ega bo‘lgan Aziz Otabekov belgilandi.

Mavzuga oid