Dunyo bo‘yicha 3.5 milliard odam og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklaridan aziyat chekmoqda
Olimlar insoniyat tish salomatligi yuzasidan radikal islohotga muhtoj ekanligi haqida aytishmoqda. Ularning fikricha, shakar sanoati ustidan qattiq nazorat o‘rnatilishi va tish salomatligi bo‘yicha qilinayotgan izlanishlar bilan odamlarni yaxshiroq tanishtirish orqali og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari muammosini bartaraf etish mumkin.
Bugun dunyo bo‘yicha jami 3.5 milliard odam og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklaridan aziyat chekmoqda, deya ma'lumot beradi guardian nashri Xalqaro salomatlik uyushmasining Lancet tibbiyot jurnalidagi maqolalarga tayanib.
Yer yuzining qariyb 50 foiz aholisiga xavf solayotgan og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari tish yemirilishi, ichak kasalliklari va og‘iz bo‘shlig‘i saratoni kabi sog‘liq uchun bir qator xavfli kasalliklarni o‘z ichiga oladi.
Ayni damda tish yemirilishi dunyoda eng ko‘p uchraydigan holat bo‘lsa, lab va og‘iz bo‘shlig‘i saratoni esa keng tarqalgan 15 ta saraton turlaridan biri hisoblanadi.
«Stomatologiya sohasi ayni paytda inqiroz holatiga kelib qolgan. Mavjud stomatologik davo tizimi va xalq sog‘ligi nazorati o‘ta adolatsiz sharoitda qolmoqda. Bu degani kimlardir yaxshi sharoitda, kimlardir esa yomon ahvolda qolayotganini anglatadi. Narxlar esa qimmat. Milliardlab odamlarning hatto eng asosiy og‘iz bo‘shlig‘i davo xizmatidan foydalanish imkoni ham yo‘q», deydi London universitetining jamoat stomatologik salomatligi bo‘yicha konsultanti va Lancet jurnalidagi to‘plam maqolalarning yetakchi muallifi Richard Vatt.
Richard Vattning fikricha, garchi bu muammoli vaziyat individual stomatologiya klinikalarining bemorlarga xizmat ko‘rsatishi bilan bog‘liq xato bo‘lmasa-da, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklariga samarali yechim uchun butunlay yangicha chora kerak.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, Buyuk Britaniya kabi iqtisodi boy davlatlarda buning uchun yuqori texnologiyalardan foydalanish asosiy maqsad qilib qo‘ygan.
Biroq shakarli ichimliklar tish salomatligi uchun xavf darajasini kundan kunga oshirmoqda.
Masalan, Coca cola o‘z mahsulotlarining birgina Afrikadagi marketingi uchun 2020 yilgacha 12 milliard AQSh dollari sarflashni maqsad qilgan. Vaholanki, Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkilotining (JSST) 2017 yil bir yillik umumiy budjeti 4.4 milliard dollarni tashkil qilgan.
«Shakar iste'moli - tish yemirilishining eng birinchi sababi. Buyuk Britaniya aholisining ratsionida esa shakar juda katta foizni tashkil qiladi. Bu Salomatlik departamenti va JSST belgilagan me'yordan baland», deya tashvishlanarli holat xususida chuqurroq to‘xtalib o‘tadi Richard Vatt.
«Ahvolning yomonligi shu darajadaki, hatto chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan turli oziq-ovqat va ichimliklarda ham shakar foizi juda yuqori. Oqibatda esa kichkintoylar ilk rivojlanish yoshidanoq shirinliklarga o‘ch bo‘lib ulg‘ayishmoqda. Agar biz tish kasalliklarini ildizi bilan yo‘qotmoqchi bo‘lsak, avvalo, shakarli oziq-ovqat va ichimliklar marketingini ma'lum ma'noda cheklashimiz, qonunchiligini tartibga solish va nazoratini kuchaytirish ishlarini olib borishimiz kerak», deb o‘z mulohazalarini bildiradi Kaliforniya universiteti xodimi Kristin Kearns va Sidney universiteti xodimi Lisa Bero.
«Sanoat ta'siri haqidagi dalillar asosiy oziq-ovqat va ichimlik brendlarining stomatologik tadqiqot tashkilotlari bilan moliyaviy hamkorlik o‘rnatishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Chunki mana shu yo‘l bilan ularning og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi ko‘rsatmalariga mos va salomatlik uchun foydali tish pastalari hamda shakarsiz saqichlar, kabi zararni kamaytiradigan savdo loyihalari amalga oshirishlariga erishish mumkin».
Mavzuga oid
16:29 / 16.09.2024
Shishgan, qizargan, yiringlagan ko‘zlar – kon’yunktivitni qanday davolash mumkin?
07:55 / 09.07.2024
Andijonda qoramollarda yangi kasallik turi aniqlangani rad etildi
13:11 / 03.06.2024
Toshkentda ayol qo‘shnisiga kuch ishlatib, sochidan sudragan shaxs ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga joylashtirildi
12:11 / 29.05.2024