O‘zbekiston | 08:01 / 26.07.2019
15779
3 daqiqa o‘qiladi

«Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi» ishlab chiqildi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi”ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi;
         
Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha
chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.
         
Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
       
Tarbiya jarayonida uzluksizlik, uzviylik tamoyillariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasida homiladorlik davri, go‘daklar, bolalar va o‘quvchi yoshlarni ma'naviy tarbiyalashning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berish;
          
ma'naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;
         
aholi, ayniqsa yoshlarning Harakatlar strategiyasini amalga oshirish, shaxsiy baxtli hayot uchun eng zarur tayanch kompetensiyalar bilan qurollantirish;
          
tarbiyalanuvchilarning yoshi, jinsi, psixologik, milliy va shaxsiy xususiyatlarini inobatga olish;
      
yoshlarda vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr oqibatlilik, mas'uliyatlilik, tolerantlik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi muhim fazilatlarni go‘daklikdan boshlab bosqichma-bosqich shakllantirish;
      
homiladorlik davridan boshlab 18 yoshgacha davom etadigan uzluksiz ma'naviy tarbiyani amalga oshirishda ota-ona, tarbiyachi, o‘qituvchi va boshqa mas'ullarning o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatish mexanizmini ishlab chiqish va hayotga joriy etish;
          
bola tarbiyasida milliy va zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish shakllarini belgilab berish;
        
aholining farzand tarbiyasi bo‘yicha bilimlarini, pedagogik madaniyatini oshirish, uzluksiz ma'naviy tarbiyani jahon tajribasida sinovdan o‘tgan samarali pedagogik texnologiyalari, usullari va amalga oshirish shakllari bilan muntazam tanishtirib borish;
       
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan global internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli axborotlar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish;
      
uzluksiz ma'naviy tarbiyani tashkil etishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va xususiy sektorning hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish.

Mavzuga oid