Jamiyat | 15:30 / 29.07.2019
13172
9 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» partiyasida keskin o‘zgarishlar kutilmoqda

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan Namangan shahridagi Yoshlar markazida partiya Dasturi hamda partiyaning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi platformasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan debat o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a'zolari, hududiy partiya tashkilotlari vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari, ekspertlar, siyosatshunos olimlar, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Debatda partiyaning amaldagi Dasturi, Saylovoldi platformasi xususida tanqidiy-tahliliy fikr-mulohazalar bildirildi. Partiya hujjatlari bugungi kun uchun nihoyatda muhim bo‘lgan vazifalar aks etishi lozimligi va ular elektorat manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat qilishi lozimligi ta'kidlandi.

Xususan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zMTDP faoli Minhojiddin Mirzo partiya Platformasi loyihasi ustida hali ko‘p ishlash kerakligini ta'kidlab, Dasturda balandparvoz gaplardan qochgan holda, fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalar yechimini ilgari surishni taklif etdi. Partiya Dasturida ma'naviy tiklanishdan ma'naviy yuksalishga erishishning aniq mexanizmlari aks etishi kerakligini ta'kidladi.

Debatda so‘z olgan O‘zMTDP faoli Rahimboy Jumaniyozov “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” shioriga ta'rif berar ekan, yuksalish bu cho‘qqi, cho‘qqiga chiqish uchun esa bilim va ma'rifat zarurligini qayd etib, bu borada o‘z takliflarini bildirdi.

Debatda partiya faollarini qiziqtirgan keskin va keskir savollarga partiya yetakchisi Alisher Qodirov hamda partiya raisi o‘rinbosarlari Nodirjon Muxtorov va Feruza Muxamedjanovalar atroflicha javoblar qaytardilar.

Hamidjon Omonov,

O‘zMTDP Andijon viloyat kengashi raisi:

- Achchiq bo‘lsa-da, tan olishimiz kerak, odamlarning siyosiy partiyalarga ishonchi ijobiy emas. Chunki biz oldin aholining qo‘ltig‘ini puch yong‘oqqa to‘ldirdik. Tadbirlarda balandparvoz gaplardan nariga o‘tmadik. Shu vaziyatda bugun qanday qilib odamlarni boshqa partiyalardan farqli o‘laroq “Milliy tiklanish” partiyasiga qiziqtiramiz? Bu borada aniq strategiyalar mavjudmi?

Alisher Qodirov, O‘zMTDP Markaziy kengashi raisi:

- To‘g‘ri, mustaqillik milliy o‘zligimizni, or-nomus va g‘ururimizni, insoniy qadr-qimmatimizni qayta uyg‘otdi, ona tilimizni, dinimizni, qadriyat va an'analarimizni qaytarib berdi. Qadimiy tariximiz, milliy davlatchiligimiz tiklandi. Bu bo‘ldi milliy tiklanish g‘oyasi endi bizga kerak emas, degan tushunchani bermaydi. Milliy tiklanish deganda partiya milliy o‘zlik tuyg‘usining uyg‘onishi va tobora mustahkamlanib borishini tushunadi. Milliy o‘zlikni anglash mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi, milliy ong insonda Vatanga muhabbat his-tuyg‘usini oshirishda, har tomonlama komil inson shaxsini tarbiyalashda bebaho ichki omildir.

Milliy o‘zlikni anglash tarixni o‘rganishdan boshlanadi. Tarixni bilmasdan turib inson o‘zligini topishi amri maholdir. O‘zining milliy davlatchilik, milliy madaniyat va ma'naviyat taraqqiyotining tarixiy tajribasini o‘zlashtirmagan xalq milliy tiklanishga qodir emas. Milliy o‘zlikni anglash va milliy tiklanish orqali biz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarda oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal eta olamiz.

Iqbol Holiqov, xalq deputatlari Pop tuman kengashiga O‘zMTDPdan saylangan deputat:

Yoshlar bizning davomchilarimiz. Bugun ularni qanday tarbiyalasak, millatimiz kelajagi xuddi shunday namoyon bo‘ladi. Yoshlar tarbiyasida ayni damda ota-ona, mahalla, ta'lim dargohi va ichki ishlar organlari o‘rtasida turli kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Yoshlar tarbiyasiga o‘zi aslida kim mas'ul, degan savol bugun ko‘ndalang turganda partiyaning pozitsiyasi qanaqa? Ushbu masala partiyaning yangi saylovoldi dasturida aks etganmi?

Alisher Qodirov, O‘zMTDP Markaziy kengashi raisi:

- Bu savolga partiyamiz javobi tayyor. Farzand tarbiyasiga, avvalo, oila mas'ul. Qachongacha biz maktabgacha ta'limda, maktab, kollej va oliy ta'limda yoshlarga tarbiya beramiz. Bu dargohlarning asosiy maqsadi aslida ta'lim berish emasmi? Ta'lim muassasalarida ta'lim berilishi zarur, tarbiya emas. Bizda esa afsuski, ko‘p vaqtimiz tarbiya berishga ketib qolmoqda. Ilm-fan rivojlanishiga to‘siq bo‘lib turgan muhim omillardan biri ham shunda.

Yangi saylovoldi Platformada ham yoshlar masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Yoshlar bilan ishlash alohida e'tiborni talab etadi. Partiyamiz ularni kadrlar zaxirasini shakllantirish jarayoniga jalb qilish, malakasini oshirish orqali hamda ularni partiya faollari sifatida davlat xizmatiga ilgari surish bilan ularga «ijtimoiy lift»ni ta'minlashi zarur.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishni jamiyatda kitobga va mutolaaga mehrni rivojlantirish orqali erishish mumkin. Yoshlar haqida gap borganda, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga, xususan, har bir tumanda kichik sport zallarini barpo etish orqali jalb qilish, istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirish samarali tizimini yaratish, mamlakatda professional, ommaviy sport, shu jumladan, o‘yin va qishki turlari, xalq o‘yinlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga urg‘u berish zarur.

Farxod Badalboyev, O‘zMTDP Quva shahar kengashi raisi:

- Siyosiy partiyalar xodimlari partiya ishida toblanishi, shundan so‘ng davlat organlari va hokimliklar tizimidagi turli lavozimlarga, jumladan, deputatlik lavozimlariga asosiy zaxira bo‘lishlari lozim. Ayni damda partiya tizimida ushbu mexanizm ishlayaptimi? Shuningdek, partiyaning kadrlar zaxirasi kanchalik bugungi kun talablariga javob beradi?

Nodirjon Muxtorov, O‘zMTDP Markaziy kengashi raisining tashkiliy-partiyaviy va kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:

- Biz barcha darajadagi davlat boshqaruv organlarining rahbar lavozimlariga zaxira kadrlar ro‘yxatini shakllantirdik. O‘tgan davr mobaynida partiya xodimlari orasidan 89 nafari turli darajadagi davlat boshqaruv organlari rahbar lavozimlariga ishga o‘tkazildi. Shuningdek, joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyatlar, shahar va tuman kengashlari deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiya tizimida faoliyat olib borayotgan bir qator xodimlar nomzodini ilgari surishni mo‘ljallab qo‘yganmiz.

Muattar Akbarova, O‘zMTDP Farg‘ona viloyat kengashi devoni bosh mutaxassisi:

- Oliy Majlis Senatning yigirmanchi yalpi majlisida mamlakatimizda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Prezidentimizning ushbu nutqlarida belgilangan vazifalar partiya “Ayollar qanoti”ning kelgusi faoliyatida qay darajada aks etadi. Yoki “Eski hammom, eski tos” qabilida partiya o‘z ishini davom ettiradimi?

Feruza Muxamedjanova, O‘zMTDP Markaziy kengashi raisining xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:

- Yo‘q albatta, Senatning yigirmanchi yalpi majlisidan so‘ng, partiya Markaziy kengashi va hududiy partiya tashkilotlari o‘rtasida xotin-qizlar ishtirokida videoselektor shaklida seminar tashkil etdik. Unda davlatimiz rahbarining nutqlari mazmun-mohiyati ishtirokchilarga yetkazildi. Partiya tizimida xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Tadbirda o‘rtaga tashlangan shu kabi savollar, bildirilgan takliflar asosida partiya saylovoldi Platformasini yanada mukammal holga keltirish, bu kabi debatlarni boshqa hududlarda ham o‘tkazishga kelishib olindi. 

O‘zMTDP Markaziy kengashi Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid