O‘zbekiston | 14:22 / 30.07.2019
70852
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning qaysi viloyatlarida ishsizlik darajasi eng yuqori ekani aytildi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar tarqatdi.

Bildirilishicha, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida eng yuqori ishsizlik darajasi qayd etildi – 9,4 foiz, eng kam ko‘rsatkich esa - Toshkent shahrida (7,7 foiz).

Bandlik tizimida iqtisodiyotning rasmiy sektorida band bo‘lganlar soni o‘sgani va norasmiy sektordagi bandlikning kamayganligi kuzatilmoqda, deyiladi vazirlik ma'lumotida. Xususan, iqtisodiyot sohalarida band bo‘lganlarning umumiy soni 13 408,4 ming kishiga yetdi, bu 2018 yilning yanvar-iyun oylaridagi ko‘rsatkichga qaraganda 1,4 foizga ko‘proqdir. Bunda iqtisodiyotning rasmiy sektorida band bo‘lganlar soni O‘zbekiston tarixida birinchi marta 326,3 mingga yoki 6,2 foizga ortib, 5 593,6 ming kishiga yetdi. Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni esa aksincha, 137,7 mingga yoki 1,7 foizga kamayib, 7 814,8 mingni tashkil etdi. 

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ishga joylashtirishda yordam so‘rab 404 569 nafar shaxs murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 138 173 nafarini 16-30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etdi. Murojaat qilganlardan 167 713 nafari ishga joylashtirildi, 139 679 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi, 10 085 nafari kasbga qayta o‘qitishga yo‘naltirildi, 31 938 nafar shaxsga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

O‘tgan vaqt davomida tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ish beruvchi va ishsiz fuqarolar murojaati bo‘yicha 2 141,8 mln. so‘mlik subsidiyalar berildi, natijada 2 493 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta'minlandi.

Mavzuga oid