Iqtisodiyot | 17:33 / 01.08.2019
31321
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziri: «Lukoyl» bilan shartnoma qayta ko‘rib chiqilmaydi»

Bugun, 1 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, "O‘ztransgaz" AJ va "O‘zbekenergo" AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining “Ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lgan Lukoyl bilan shartnoma qayta ko‘rib chiqiladimi va bekor qilinishi mumkinmi?” degan savoliga Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov – “Lukoyl bilan shartnoma qayta ko‘rib chiqilmaydi, chunki u xalqaro shartnoma. Agar biz hamma shartnomalarni qayta ko‘rib chiqib, bekor qilaversak, beburd bo‘lib qolamiz”-deb javob berdi.

Jamshid Qo‘chqorov

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishi vaqtida «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdoridagi qarzdorlik haqida gapirgandi. Prezident mas'ullar mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim imzolash oldidan milliy manfaatlarni hisobga olishi kerakligi, lekin bu holatda milliy manfaatlar hisobga olinmaganini aytgandi.

Shuningdek, Reuters agentligi shu yilning mart oyida O‘zbekiston «Lukoyl»dan 2018 yilda gaz yetkazib bergani uchun 600 million dollarga yaqin qarz bo‘lib qolgani haqida xabar bergan.

Bu holatni izohlarkan, «O‘ztransgaz» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Murodulla Boshmanov: «Tabiiy gaz eksporti ichki iste'molga ta'siri bo‘lyapti. «Lukoyl» kompaniyasidagi qarzdorligimiz shunga sabab bo‘ldi. Aslida, bunday bo‘lishi kerakmas. O‘tgan yili balans ko‘rsatkichlaridagi ayrim xatoliklar tufayli ushbu vaziyat yuzaga keldi. «Lukoyl»dan 146 AQSh dollariga gaz olib, 40 dollardan sotdik. Natijada biz zarar ko‘rdik. Bu xato bizniki va uni o‘zimiz to‘g‘rilashimiz kerak. Aholining gaz iste'moliga ta'sir o‘tkazmasligimiz kerak», - degan.

Mavzuga oid