O‘zbekiston | 13:57 / 03.08.2019
156213
2 daqiqa o‘qiladi

Jasliqdagi mahkumlar bilan endi nima bo‘lishi ochiqlandi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani, Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi.

19-son JIEKning binolari, inshootlari va mavjud mol-mulklarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Nukus shahrida joylashgan 2-son tergov hibsxonasi balansiga o‘tkazib berish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi.

19-son JIEK xodimlari va harbiy xizmatchilarining egallab turgan lavozimi bo‘yicha pul ta'minoti va ijtimoiy imtiyozlari mazkur qarorga muvofiq tashkiliy-shtat o‘zgarishlariga asosan ularning lavozimga qayta tayinlanishi, kontraktining tugatilishi yoki pensiyaga chiqishiga qadar saqlab qolinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

bir hafta muddatda mazkur qarorga muvofiq tugatish komissiyasini tashkil etadi va 19-son JIEKni tugatish bo‘yicha belgilangan tartibda kompleks tashkiliy-huquqiy choralarni amalga oshiradi;

bir oy muddatda 19-son JIEK mahkumlarini sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq ravishda ichki ishlar organlarining boshqa jazoni ijro etish koloniyalariga yuborilishini tashkil etadi;

mahkumlarni yangi ozodlikdan mahrum etish joylariga ko‘chirish vaqtida 19-son JIEK shaxsiy tarkibi o‘rtasida yuqori jangovar shaylikni va xizmat intizomiga rioya etilishini ta'minlaydi.

Bundan oldin, Jasliqdagi koloniya yopilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid