Jahon | 23:02 / 03.08.2019
51664
4 daqiqa o‘qiladi

«Saylov huquqimizni qaytarib olamiz». Moskvadagi siyosiy inqiroz avj olmoqda

Foto: TheBell

Moskva shahar kengashi deputatlari sayloviga nomzodi qabul qilinmagan muxolifat ommaviy aksiya uyushtirmoqda. Markaziy saylov komissiyasi raisi Pamfilova vaziyatga chetdan nazar tashlamoqda, Tergov qo‘mitasi Federal xavfsizlik xizmati xodimlari esa jarayonga faol aralashmoqda. Ularning fikricha, muxolifat meriya binosini egallab olishni rejalashtirgan, rangli inqilobga imkoniyat qidirishmoqda.

27 iyul kuni o‘tkazilgan yirik norozilik aksiyasidan so‘ng, ko‘pchilik ma'muriy qamoqqa olingandi. Kreml va Moskva meriyasi masalaga kuch bilan javob qaytarishi avvaldan bildirilgandi. 3 avgust kuni boshlangan ikkinchi to‘lqin ham hibslar bilan hamohang bo‘ldi. Oqshomga qadar 685 kishi politsiya tomonidan ushlangani ma'lum qilindi.

Ma'muriy choralar ish bermayapti

Shahar deputatlari saylovida ishtirok etish uchun da'vogar bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi (Navalniy ta'sirida yuritiladi) huquqshunosi Lyubov Sobol, «Yabloka» ning shahar bo‘limi sobiq yetakchisi Sergey Mitroxin, Ilya Yashin va ko‘zga ko‘ringan muxolifat nomzodlari uchun to‘plangan imzolar yo‘q qilingani ma'lum qilindi. Bu muxolifat tarafdorlarining noroziligini keltirib chiqardi.

Shunday qilib, 14 iyul kuni birinchi aksiya uyushtirildi. 27 iyulda o‘tkazilgan ko‘cha aksiyasi juda ko‘p qirralari bilan Rossiya tarixida qoldi. Muxolifatchilar 3 avgust kuni yana aksiya uyushtirishni rejalashtirayotgandi.

3 avgust oldi tayyorgarlik ishlari

Hukumat 27 iyuldan xulosa chiqargan holda, aksiyada ishtirok etgan 5 nafar muxolifatchi 2 oy muddatga qamoqqa olindi. Hozirgacha qo‘lga olinganlarning ko‘pi ko‘ngilli asosida muxolifat saylov shtabida ishga yollangandi.

Sud umumiy hisobda 1038ta ma'muriy ishni ko‘rib chiqmoqda. 3 avgustdan bir sutka avval, 400ga yaqin aksiya ishtirokchilari jarima va ma'muriy qamoq singari jazo bilan siylandi. Aksiya oppozitsiya yetakchilarisiz o‘tishi ma'lum bo‘ldi.

Meriya taklifiga ko‘ra, Saxarova ko‘chasidagi «gayd-park»  maydonida aksiya o‘tkazishga ko‘nmagan, Libertarianlar partiyasi vakili Mixail Svetov meriya binosidan chiqishi bilan qo‘lga olindi.

Aksiya qanday o‘tdi?

Biznes doirasi aksiya to‘lqinidan o‘zini tiyib turibdi. Shu tufayli, markaziy ko‘chalarda savdo shoxobchalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Politsiya protest ishtirokchilari ko‘rinmay, ko‘chada sergak torta boshladi. Moskva osmonida vertolyotlar paydo bo‘ldi. Aloqa vositalari xizmat sifati sun'iy bo‘g‘ilgan.

Pushkin maydonida yig‘ila boshlagan olomonga qarata ogohlantirish berildi. Kutilmaganda muxolifatga tegishli Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi. Tergov qo‘mitasi jamg‘armani pul yuvishda ayblamoqda. Aksiyani yoritish uchun tahririyat topshirig‘ini olgan jurnalistlar qo‘lga olindi. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, aksiyada 6 mingdan ko‘proq kishi ishtirok etdi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid