O‘zbekiston | 09:03 / 03.08.2019
266910
2 daqiqa o‘qiladi

«Tonirovka» bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Yangi narxlar belgilandi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Belgilanishicha, mazkur qaror qabul qilingunga qadar amalda bo‘lgan to‘lov stavkalari bo‘yicha 2019 yil 1 yanvardan oynalarning tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun olingan ruxsatnomalarning amal qilish muddati mazkur qarorga muvofiq joriy etiladigan yangi to‘lov stavkalariga mutanosib ravishda uzaytiriladi. 

Qarorga muvofiq, “tonirovka” narxlari orqa oyna (lobovoy) uchun tekin, orqa yon oyna uchun esa quyidagicha narxlar belgilanadi:

jismoniy va yuridik shaxslarga – BHMning (bazaviy hisoblash miqdori) 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m);
xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga  – BHMning 20 baravari (4 mln 460 ming so‘m).

Ilgari bu miqdor tegishlicha jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 90 baravari, yuridik shaxslar uchun 120 baravari, xorijiy yuridik shaxslari uchun 140 baravarini tashkil etgan.

Old va orqa yon oynalar uchun (barcha yon oynalar):

jismoniy va yuridik shaxslarga – BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m);

xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga – BHMning 80 baravari (17 mln 840 ming so‘m).

Ichki ishlar organlari tonirovkaga ruxsat berilganligi to‘g‘risida maxsus emblema (gologramma) beradi va haydovchilar ushbu gologrammani old oynalarga yopishtirib yurishlari lozim.

2 oy muddatda tonirovka uchun belgilangan jarimalar miqdori tonirovka uchun to‘lov stavkalariga teng bo‘lgan miqdorda (hozir 5 mln 575 ming so‘m edi) o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Mavzuga oid