Jahon | 19:16 / 04.08.2019
5229
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyadagi shahar aholisi qadimiy ko‘prik buzilishiga norozilik bildirdi

Foto: CC BY 2.5 / Jean-Pol Grandmont /

Belgiyadagi Turn shahri aholisi hukumat qadimiy ko‘prikni har bir toshini ko‘z qorachig‘idek asragan holda bo‘laklab, so‘ngra uni qayta tiklashga va'da berganiga qaramasdan uni buzayotganiga norozilik bildirdi.

Gotika uslubida qurilgan Pon-de-Tru ko‘prigi 13 asrga mansub. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘prikning ikki minorasi arxitektura yodgorligi hisoblanadi. Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra esa, butun boshli ko‘prik ham tarixiy deb topilgan.

Turnda 2015 yilda ko‘prikni qayta qurish bo‘yicha konsultativ referendum o‘tkazilgan. O‘shanda ovoz berganlarning aksariyati ko‘prikni ilgarigidek, toshlardan tiklangan holda qayta qurishga ovoz bergandi. Ko‘prikni qayta qurish loyihasi yirik kemalar uning ostidan o‘tishiga sharoit yaratish uchun ishlab chiqilgandi.

Yakshanba kuni hukumat yollagan pudratchilar ko‘prikni parchalashga kirishishdi. Ish jarayonini kuzatish uchun yuzlab shaharliklar to‘plandi. Ammo ko‘prik va'da qilinganidek har bir toshi avaylab olinib emas, qudratli texnika bilan buzila boshladi. Ko‘prik toshlarining bir qismi daryoga tushdi. Pudratchilar buzish ishlari yakunlanganidan so‘ng barcha toshlarni daryodan chiqarib olishga va'da berishdi.

Shahar ahli esa ishning bunday borishiga nisbatan norozilik bildirmoqda. Ularning fikricha, shaharning tarixiy merosi yo‘q qilinmoqda. Ayrimlar mamlakat energetika va atrof-muhit vaziri Mari-Kristin Margemga norozilik maktubi ham yo‘lladi.

Ko‘prik 2021 yilda qaytadan tiklanishi rejalashtirilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid