Jahon | 16:12 / 05.08.2019
13260
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston kuch tuzilmalari yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga keltirildi

Foto: EPA/RAJAT GUPTA

Hindiston IIV mamlakat xavfsizlik kuchlarini yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga keltirdi, deb xabar berdi Times of India gazetasi. 

"Barcha huquqni muhofaza qilish tuzilmalariga yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga o‘tish to‘g‘risida buyruq berildi. Bu birinchi navbatda Jammu va Kashmirdagi bo‘linmalarga tegishli", dedi nashr manbasi.

Xususan, Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. NDTV telekanali ma'lumotiga ko‘ra, poytaxt metrosiga sanoat obektlarini himoya qiluvchi markaziy kuchlar kiritiladi.

Poytaxt ko‘chalarida ham qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda, qo‘shimcha politsiya patrullari chiqarilmoqda.

Hindiston hukumati dushanba kuni konstitutsiyaning Jammu va Kashmirga alohida maqom beruvchi 370-moddasini bekor qilishini e'lon qildi. Ichki ishlar vaziri Amit Shohning ma'lum qilishicha, Jammu va Kashmir shtat maqomini yo‘qotadi va ittifoqchi hududga (shtatga nisbatan kamroq huquqlarga ega) aylanadi, tarixiy Ladakx viloyati undan ajralib chiqadi va u ham ittifoqchi hududga aylantiriladi.  

Konstitutsiya bo‘yicha Jammu va Kashmir alohida muxtoriyatga ega bo‘lib, markaziy hukumat tomonidan qabul qilingan barcha qonunlar (mudofaa, tashqi ishlar va ayrim sohalar bundan mustasno) mahalliy assambleya tomonidan ma'qullanishi lozim edi. Hindistondagi boshqa hududlar fuqarolari Kashmirdan yer sotib olish huquqiga ega emasdi. Shtat o‘z bayrog‘i va boshqa qator imtiyozlarga ega.  

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid