Sport | 12:00 / 06.08.2019
37902
11 daqiqa o‘qiladi

Avgust

— Qo‘y, o‘g‘lim, yonimda o‘tir, Baxtiyor o‘qishdan kelsa, o‘zi tashib qo‘yar.

Rohat aya shunday deb, o‘g‘lini oldiga chaqirdi. Lekin yoshlarga gap uqtirib bo‘larmidi, Olimjon kiyimlarini yechdi-da, mashinada kelgan o‘tinni hovliga tashiy boshladi. O‘zi asosan safarlarda yurib, onasiga tuzukroq qarasha olmaydi, ukasiyam balki charchab kelar.

Chilla chiqqani bilan, havo hali issiq, Olimjon bir pasda terga botdi. Lekin ishni oxirigacha bitirib, onasining oldiga kelib o‘tirdi.

— Oyi, ertaga ketyapman.

— Bilaman, bolam. Shunga diydoringga to‘yib olay deyapman-da..

— Qiziqsiz-a, yangilikmi bu, uch kunda qaytib kelaman-ku? Menga-ku shunchalik, ertaga Baxtiyor ham orqamdan ketsa, qanday chidarkinsiz?— o‘g‘il shunday deb kuldi-da, oyisining tizzasiga bosh qo‘ydi.

— Sog‘inaman-da…

— Borib kelay, birato‘la, uch-to‘rt kunda kelaman, bo‘ptimi?

— Yo‘q, sen xotiningning yonida bo‘lib tur, o‘zi yaxshi qilibsan, bugun olib kelmay. Issiqda uydan chiqmay turgani ham yaxshi.

Ayaning xayoli birdan keliniga ketdi: «oy-kuni yaqin, ishqilib eson-omon qutulib olsin-da...»

Olimjon yuvinib chiqib, oyisining duosini oldi-da, mashinaga chiqdi. Biroz uzoqlashgach, xuddi bir nima esdan chiqqandek, mashinani to‘xtatib, qaytdi. Qaytadan xayrlashdi.

***

Ahmad aka o‘g‘lini qattiq quchdi. Hali yigirmaga kirmadi, yaqinda butun qishloqning faxri bo‘lib ketadi bu bola. Oliygohga kirdi. Ha endi, bizdan ham chiqsin-da, bir mashhur inson.

— Shoshmang, dada, hali yana bitta imtihonim bor. Bir oydan keyin bo‘larkan.

— Ruxsat berisharmikin, tayyorlanishga?

— Berishadi. Menga shuning uchun bir oylik ta'til berishdi.

— Zo‘r-ku, unda ketdik, buyog‘i oson ko‘chibdi. Seni ustozlaringdan so‘rab, olib ketgani keluvdim. Qishloqqa boramiz, to‘yni o‘tkazib, biroz dam olasan, keyin qaytib kelaverasan.

— Yo‘q, men ta'tilga rozi bo‘lmadim. Indinga uchishimiz kerak.

— Iye, o‘sha kuni to‘y-ku, o‘tkazib, keyin ketsang bo‘lmaydimi? Men o‘zim ruxsat so‘rab beraman.

O‘g‘il indamadi. Ahmad aka ustozlar bilan uchrashdi, o‘g‘li haqida iliq gaplar eshitdi, yana xursand bo‘ldi. Nihoyat unga yana bir kun Tortuvliga borib kelishga ruxsat berishdi. Bir kun o‘tib, keyingi guruh bilan uchaverar ekan. O‘sha kunga o‘g‘lini yetkazib kelsa, kifoya.

Javob tekkanini bilgach, o‘g‘il ham ko‘zlari chaqnab ketdi. Ha, ta'tildan voz kechibdi, ham shug‘ullanib, ham imtihonga tayyorlanaman, debdi-yu, lekin bir kunga javob tekkanidan, o‘zida yo‘q xursand, baribir bola-da, bola...

***

So‘nggi paytlarda xotini juda injiq bo‘lib qolgan. Homiladorligidan desa, birinchi farzandi tug‘ilishida bunaqa bo‘lmagandi. Yosh bolaga o‘xshaydi, gap tushunmaydi.

— Jonim, iltimos, shu safar ketmagin.

— Qiziqmisan? O‘limga ketyapmanmi, qaytaman-ku ikki kunda?

— Bormasang nima bo‘ladi?

— Iloji yo‘q. O‘zing tushunasan-ku, mensiz qiynalishadi. Keyin nima bahona qilaman, xotinim qo‘ymadi, deymanmi, — kulib, vaziyatni hazilga olmoqchi bo‘ldi.

— Kasal bo‘lib qoldim, de…

— Qo‘y, endi, menga qaragin, ikki kun. Ikki kunda qaytaman.

Xuddi xotini so‘zni tushunmayotgandek, qo‘li bilan «ikki» ishorasini qildi va peshonasidan o‘pib qo‘ydi.

— Ko‘nglimni buzmagin, xayolim senda qoladi bo‘lmasa. O‘zing aqllisan-ku. Bir marta kulgin.

Javob bo‘lmadi. Baribir ta'sir qilmasligini bilib, o‘rnidan turdi, kiyindi. Tashqariga chiqib, yo‘lning narigi tomoniga o‘tdi va mashina kuta boshladi. Har doimgidek, beixtiyor uyi tomonga qaradi. Xotini derazadan uni kuzatib turibdi, qo‘lini silkitib, xayrlashyapti.

U yana boyagi kabi, qo‘li bilan «ikki» ishorasini ko‘rsatdi va eshitilmasa-da, «ikki kunda qaytaman» dedi. Xotini kulib yubordi. G‘ubor tarqadi. Ikki kunda qaytadi.

***

Ota-o‘g‘il uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirishdi. Bir vaqt qarashsa, tungi soat ikki bo‘libdi.

— Tur, endi, o‘g‘lim. Kirib yot, axir vaqtli aeroportga borishing kerak.

— Qo‘ying, dada, o‘zi shundog‘am kam ko‘rishyapmiz. Samolyotda ham uxlab ketaveraman.

Yana uzoq o‘tirishdi. Urush yillarida bir qo‘lidan ayrilgan ota o‘g‘lidan faxrlanadi — juda yaxshi shogird bo‘lib chiqdi, uning kasbini tanladi, armonlarini haqiqatga aylantirdi. «Ana, falonchining otasi», deb alohida hurmat ko‘rsatishganida, yanayam xursand bo‘lib ketadi.

***

Allani tinchlantirib bo‘lmadi. Anchadan buyon yomon tush ko‘rayotganini aytadi, yo‘q joydan xavotir chiqaradi.

— Sen tushunmaysan, tushimga necha marta oyim kiryaptilar. O‘lganlar tushga kiraversa, kimnidir olib ketar ekan. Eshitganman.

— Bo‘lmagan gap-ye, shunga ishonib yuribsanmi?

Doim shunaqa deb yupatadi-yu, yangi gap aytolmaydi. Vahima esa, davom etaveradi. Aslida, bu yozdan umidlari katta edi. Yana farzand ko‘rishmoqchi. Lekin avval Alla to‘liq sog‘lig‘ini tiklab, davolanib olishi kerak.

Issiqko‘lga putyovka chiqib qolgani ayni muddao bo‘ldi. U sheriklarining xotinlariga qo‘shib, Allani ham jo‘natib yubordi. Ko‘pincha uyda bo‘lmaydi, diqqinafas bo‘lib, buning ustiga, yomon narsalarni o‘ylab yurish o‘rniga, yozilib, dam olib keladi.

Qayoqda! Ketganiga bir haftadan oshsa hamki, har kuni qo‘ng‘iroq. Tinchmisan, nima yeding, qayerga bording, deb so‘rayveradi, yana eski xavotirini qo‘zg‘aydi. Mana, aeroportga keliboq, hammasi joyida ekanini, bir soatlardan keyin uchishlarini aytish uchun telefon qildi — yana o‘sha gap. Kechasi uxlamapti, yana vahima xayollar bilan tong ottiribdi. Rafiqasining ovozini eshitgan bo‘lsa-da, ko‘nglini qanaqadir tushunarsiz g‘ashlik egalladi. Yuqdi, shekilli. Yigitlar ham tezda kela qolishmadi, sal chalg‘irmidi...

***

— Iye, o‘rtoq Professor, tinchlikmi, siz ham boryapsizmi?

Uni hamma «professor» deb chaqirardi. Kirib kelganida, yigitlar qarsak chalib yuborishdi. Ammo, kostyum-shim kiyib olgan, sumkasi yo‘q, uning hech qayerga otlanmayotganini payqash qiyin emasdi.

— Sizlarni kuzatgani chiqdim. Hali ruxsat yo‘q.

— Yuraver, aylanib kelasan. Tomosha qilasan, o‘zimiz eplaymiz.

— Yo‘g‘-ye, biletim ham yo‘q, aytdim-ku, kuzatgani chiqdim.

Xuddi gap faqat biletda bo‘lganidek, masala jiddiylasha boshladi. Tolya ham kasal bo‘lib qolib, kela olmagandi, demak bitta o‘rin bor.

— Mansur akaga aytamiz, darrov almashtirib beradi, nimayam qilarding baribir bu yerda. Yur.

«Professor» endi bahona topa olmay qoldi. Baribir birovning o‘rniga uchmaydi-ku, aytishaveradi-da. Yo‘q, Mansur akayam anoyi emas ekan, darrov masalani hal qilib keldi — endi u ham birga uchadi. Uydagilarni ogohlantirib qo‘yishi kerak.

— Uydagilar bilmaydi.

— Huv anovi yerda telefon bor, Dima akangga qo‘ng‘iroq qilib, aytib qo‘yasan, bo‘ldi. Men hozir xotinim bilan gaplashdim — dedi yigitlardan biri. Uni Makar deb chaqirishardi.

— Nima gap, tinch ekanmi? Alla bilan gaplashdingmi?

— Ha, tinch — o‘rniga xomush cho‘kdi Makarov, — o‘sha gap, xavotir olyapti. Men uni davolansin deb jo‘natsam, badtar bo‘ladi shekilli.

— Eh-he, hali bu boshlanishi, ertaga homilador bo‘lsa ko‘rasan, — deb kuldi Sasha, — mana men, uydan zo‘rg‘a chiqib keldim.

Volodya kirib keldi. Ular har kuni birga bo‘lsalar-da, quchoqlashib ko‘rishishardi. Hamma unga peshvoz chiqdi. Olim, Seryoja, Ravil, Kostya, Kolya, Shuhrat...

— Sal qolsa, kechga qolardim-a. Yaxshiyam dadamnikida edim, bir amallab uyg‘otib oldi.

— Sen-ku, mayli, Tolya kelolmadi, o‘rniga Misha uchyapti.

— Zo‘r-ku!

Birdaniga hammaning ko‘zi, chekkada iymanib turgan bolaga tushdi.

— Oting nimaydi?

— Siroj…

— Nega biz bilansan?

— Bolalar kecha ketgan. Qarindoshimnikida to‘y edi. Ruxsat so‘ragandim. Sizlar bilan ketishga izn berishdi.

— Menga qara, uka, unaqasi yo‘q. Ruxsat so‘radingmi, to‘ymi, yo‘qmi, men bilmayman, biz bilan uchyapsanmi, demak ertaga biz bilan maydonga tushib, uchta gol urmasang, o‘zingdan ko‘r.

«Qariya» Yura shunaqa jiddiy gapirdi-ki, Siroj avval qo‘rqib ketdi. Hazil davom etishi uchun boshqalar ham jim bo‘lib, nima deyishni bilmay dovdirab turgan bolaga tikilib turishardi. Sokinlikni radiouzeldan kelgan ovoz buzdi.

Taqdir aeroport suxandonining ovozi bilan o‘n yetti, va yana oltmish yetti orzuni parvozga chorladi:

 «Diqqat, diqqat! Toshkent–Gurev–Donetsk–Minsk yo‘nalishidagi Tu-134A samolyoti 7880-reysga passajirlarni qabul qilishni boshlaydi...»

Qahramon ASLANOV.

Mavzuga oid