Jahon | 01:43 / 06.08.2019
44515
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenkoga qarshi yangi jinoiy ish ochildi

Foto: RIA "Novosti"

Ukraina davlat tergovlar byurosi sobiq prezident Pyotr Poroshenkoga qarshi 2018 yilda Maldiv orollariga dam olgani borgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda Viktor Yanukovichning sobiq maslahatchisi Andrey Portnov ma'lum qildi. 

Poroshenko bu safarni amalga oshirish uchun qalbaki hujjatlardan foydalanishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, ish doirasida tergovchilar “Poroshenkoning yangi ofshorlari, mol-mulki, aktivlari va hisob raqamlarini aniqlashni” o‘z oldilariga maqsad qilganlar.

Aprelda Poroshenko oilasi Ukrainadan uydirma ismlar ostida yashirincha xorijga chiqishi ma'lum qilingan. Ta'kidlanishicha, Poroshenko oxirgi ikki yil ichida norasmiy tarzda Maldiv orollari, Ispaniya, Norvegiya va Fransiyaga borgan. Bundan avvalroq esa sobiq prezident Mr. Petro Incognito nomi ostida sayohat qilishi ma'lum bo‘lgan.

2018 yilda “Sxemy” ko‘rsatuvida Poroshenko 1-8 yanvar kunlari Maldivda dam olgani haqidagi tergov e'lon qilingan. Jurnalistlarning ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu hordiq sobiq prezidentga 500 ming dollarga aylangan va u bu safarni Mr. Petro Incognito nomi ostida amalga oshirgan.

Biroq Poroshenko orollarga o‘z familiyasi ostida uchgani va dam olishni Ukraina bankidagi o‘z hisobraqamidan to‘lagani, hordiq vaqtida esa Ukraina rahbari majburiyatlarini bajarishda davom etganini ma'lum qilgan. 

Ayni vaqtda Ukrainada Poroshenko va unga yaqin amaldorlarga qarshi 11 ta jinoiy ish ochilgan. Poroshenko sud hokimiyatini tortib olishga urinish, davlatga xiyonat qilish, mablag‘larni yuvish, “Pryamoy” telekanalini noqonuniy egallab olish, xizmat mavqeini suiiste'mol qilish, ofshorlarda jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish, soliqlar to‘lamaslik, hujjatlarni qalbakilashtirish va hukumatni noqonuniy tayinlash kabi qonunbuzarliklarda ayblanmoqda.

Mavzuga oid