Jahon | 23:12 / 06.08.2019
31010
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonliklar va Xitoy kompaniyasi o‘rtasida nizo yuz berdi

Foto «Azattyka»

Qirg‘izistonning Norin viloyati aholisi hukumatga Xitoyning Zhong Ji Mining kompaniyasi Sulton-Sari oltin konidagi ishlarni to‘xtatishi va undan litsenziyaning qaytarib olinishi uchun bir oy vaqt berdi.

Odamlar oltin qazib olishga taqiqlov kiritish, Xitoy kompaniyasidan geologik qidiruv ishlari olib borish va oltin qazib olishga litsenziyani qaytarib olish va bu litsenziyani bergan mansabdor shaxslarni jazolashni talab qilishgan. Shuningdek, ular viloyatda mayda shoxli chorvaning ommaviy nobud bo‘lishi sababini aniqlashni talab qilishgan.

5 avgustda oltin koniga 300 ga yaqin odam kelib, Xitoy kompaniyasi ishlarni to‘xtatishini talab qilgan. Natijada o‘zaro janjal chiqib, odamlar bir-biriga toshlar ota boshlagan. Vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan. Xitoy kompaniyasining 20 ishchisi bosh jarohatlari bilan shifoxonaga tushgan.

6 avgustda Sulton-Sariga vaziyatni tartibga solish uchun maxsus kuchlar va politsiyaning qo‘shimcha kuchlari yuborilgan.

Bungacha mahalliy aholi o‘z chorvasi o‘limida xorijiy kompaniyani ayblab kelayotgandi. Veterinar va fitosanitar xavfsizlik bo‘yicha davlat inspeksiyasi nobud bo‘lgan chorvada margimush va nitrat izlarini aniqlagan. Biroq Sulton-Saridagi suv va tuproq namunalarida zararli moddalar aniqlanmagan bo‘lsa-da, Xitoy kompaniyasiga chorvaning nobud bo‘lishi uchun tovon puli to‘lash hamda konda portlash ishlarini haftasiga 2-3 martagacha kamaytirish va bu haqda aholini oldindan ogohlantirish majburiyati yuklangan.

Shunga qaramay, odamlar shikoyat qilishni davom ettirishgan. Shuningdek, konni qirg‘iz kompaniyalari o‘zlashtirishi kerakligi haqidagi fikrlar bildirilgan.

Mavzuga oid