Sport | 09:05 / 09.08.2019
13894
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent jahon taekvondosi tarixidagi eng yirik fleshmobga mezbonlik qildi (video)

Toshkentda o‘tayotgan taekvondochi kadetlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining ikkinchi kuni doirasida Xalqlar do‘stligi maydonida katta fleshmob bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda jami 2019 nafar taekvonchi bolalar va Xalqaro kadetlar taekvondo ko‘rgazmaviy jamoasi a'zolari qatnashib, sportning bu turiga xos harakatlar bilan ko‘rgazmaviy chiqishlar qildilar.

Fleshmobda Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chungvon Choy ham bevosita qatnashdi. Unga O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi prezidenti Sherzod Toshmatov va boshqalar hamrohlik qilishdi.

Tadbir doirasida o‘zbekistonlik yosh taekvondochilardan 13 nafari sportda erishgan yutuqlari uchun maxsus ism kamarlarini bevosita Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidentining qo‘lidan qabul qilib olishdi.

Chungvon Choy, shuningdek, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan bir guruhiga esdalik sovg‘alarini ulashdi.

Shundan so‘ng chempionatga tayyorgarlik doirasida tashkilotchilar tomonidan Buxoro va Samarqandning qadimiy maskanlarida taekvondoga bag‘ishlab suratga olingan videoroliklar katta ekranda namoyish qilindi.

Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chungvon Choy o‘z so‘zida mazkur tayyorgarlik ishlaridan katta taassurot olganini yashirib o‘tirmadi.

«Assalomu alaykum, – deya yana o‘zbekcha salom berish bilan o‘z nutqini boshladi koreyalik mehmon.

– Tadbirdan juda ta'sirlandim. Toshkentdek chiroyli shaharda bunday tadbirni birinchi marta o‘tkazishimiz. Sizning taekvondoga bo‘lgan muhabbatingiz bizga yanada kuch-quvvat beradi. Taekvondo olimpiya tasnifidagi sport turi bo‘lishi bilan birga, biz muhtojlarga yordam berishni ham maqsad qilganmiz.

Toshkentdaligimdan juda xursandman. Ikki kundan buyon taekvondo kadetlari chempionatini kuzatib boryapmiz. O‘zbekiston bugun ilk bronza medalini qo‘lga kiritdi. Umid qilamizki, oltin va kumush medallarini ham olasizlar, musobaqa hali ikki kun davom etadi.

Tayyorgarlik uchun vaqt juda qisqa bo‘lganiga qaramay, ishonchim komilki, bu chempionat jahon taekvondosidagi eng yaxshilaridan biri bo‘lmoqda. Buning uchun Butunjahon taekvondo federatsiyasi ayniqsa prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida tashakkur bildiradi, mamlakat Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda Milliy olimpiya qo‘mitasiga ham bunday ajoyib tashkilotchilik uchun minnatdorlik bildiramiz».

Darhaqiqat, bugungi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining -33 kg vazn toifasidagi vakili Muhammadamin Aliyev bronza medalini qo‘lga kiritib, mezbonlar hisobiga ilk medalni olib berdi. U britaniyalik, filippinlik va shvetsiyalik raqiblarini mag‘lub etib, final yo‘lidagi bahsda ukrainalik tengdoshiga yutqazib qo‘ydi.

Muhammadamin Aliyev
Muhammadamin Aliyev ukrainalik Maksim Manenkovga qarshi

Ikkinchi kuni o‘ynalgan beshta medallar jamlanmasidagi ikkita oltin Eron terma jamoasi a'zolariga nasib qildi. Shuningdek, Ukraina, Tailand va Rossiyadan kelgan taekvondochilar ham bittadan oltin medalga sazovor bo‘ldilar.

Eslatib o‘tamiz, 7 avgustda boshlangan Jahon chempionati 10 avgust kuni yakuniga yetadi.

Mavzuga oid