O‘zbekiston | 23:21 / 12.08.2019
9425
3 daqiqa o‘qiladi

“ArMI - 2019”: O‘zbekistonlik muhandis-sapyorlar uchinchi o‘rinni egalladi

Kecha, 11 avgust kuni beshinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” yo‘nalishi yakuniga yetdi. Unda o‘zbekistonlik harbiylar kuchli uchlikdan o‘rin egalladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Rossiya Federatsiyasining Tyumen viloyatida joylashgan dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan yarim final bahsida kurash olib borgan o‘zbekistonlik harbiylar xalqaro musobaqaning birinchi kunidan marrani qo‘ldan boy bermaslikka harakat qildi.

Harbiy musobaqa shart-sharoitlari jang holatiga maksimal yaqin bo‘lishi uchun uzunligi 6000 metrga yaqin bellashuv yo‘lagiga 250 dan ziyod imitatsion, signal va portlovchi-yonuvchi zaryadlardan iborat elektroportlovchi tarmoq yotqizib chiqilgan edi. Musobaqaga yanada shiddat va keskinlik olib kirish uchun Su-24 front bombardimonchisi va Mi-8 transport-jangari vertolyotlarining shartli aviazarbalari bilan bellashuv boshlandi. Belarus, Vetnam, O‘zbekiston hamda Rossiya jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan final bosqichi qizg‘in bahslarga boy kechdi.

Xususan, vertolyot maketidan desantlashtirilgan holatda tushish, osma ko‘prik va setkali devor to‘siqlaridan o‘tish, binoni portlatib, ishg‘ol qilish, sim to‘siqli mina maydonini tozalash hamda suvli to‘siqlardan o‘tish shartlarida o‘zbek muhandis-sapyorlari peshqadamlik qildi.

Yurtdoshlarimizning uzunligi 30 va 6 metr bo‘lgan hududni minalardan tozalash, uzunligi 40 metr bo‘lgan suv havzasiga TMM-3 (og‘ir mexanizatsiyalashgan ko‘prik) texnikalari yordamida ko‘prik o‘rnatib, shaxsiy tarkibga yo‘l ochish shartlaridagi aniq harakatlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. BAT-2 yo‘l quruvchi va IMR-2 to‘siqlardan o‘tish muhandislik texnikasi yordamida berilgan shartlarni to‘laqonli bajarishga harakat qilishdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi mazkur musobaqada uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Rossiya Federatsiyasi birinchi, Belarus Respublikasiga esa ikkinchi o‘rin nasib etdi.

Mazkur musobaqa davomida BAT-2 yo‘l quruvchi muhandislik texnikasi ekipaji a'zolari – mexanik-haydovchi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat oddiy askari Shavqiddin Narzullayev va BAT-2 yo‘l quruvchi muhandislik texnikasi hisobi, kichik serjant Feruz Guchchiyev “ArMI-2019” xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqasida “Eng ilg‘or BAT-2 ekipaji” nominatsiyasi g‘olibi deya e'tirof etildi. 

Eslatib o‘tamiz, III va IV Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqalarida ham hamyurtlarimiz 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid