O‘zbekiston | 11:11 / 14.08.2019
1362
2 daqiqa o‘qiladi

Turizm qo‘mitasi sohaga oid eng yaxshi biznes g‘oyalarni moliyalashtiradi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan turizm sanoati xizmatlar va infratuzilmalarini innovatsiyalarni joriy etish orqali yaxshilashga doir qator ishlar olib borilmoqda. Buning uchun aholi bandligini ta'minlash va turistik xizmatlar eksporti imkonini beruvchi innovatsion loyihalar hamda xalqaro tajribalar o‘rganilmoqda. 

Qo‘mita xabariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida bundan keyin Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan har yili “Turizm sohasidagi biznes g‘oyalar fabrikasi” festivali tashkil etiladi. Bu prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi turizm sohasini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan. 

Ushbu biznes g‘oyalar innovatsion yechimga ega zamonaviy turistik mahsulotlarni yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. 

Kelib tushayotgan barcha takliflar tahlilidan keyin festivalning eng yaxshi loyihalar bo‘yicha g‘oliblari aniqlanadi hamda bu loyihalar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash budjetdan tashqari jamg‘armasi tomonidan ajratiluvchi grantlar hisobidan ham moliyalashtiriladi. 

Qayd etilishicha, mazkur chora mamlakat hududlarining salohiyatidan kelib chiqib, yangi turistik mahsulotlarni yaratish hamda turistik xizmatlar eksportini oshirish imkonini beradi.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid