O‘zbekiston | 11:52 / 15.08.2019
9025
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida sektorlar rahbarlarining javobgarligi oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyati tuman va shahar sektorlari rahbarlarining hududlarni kompleks rivojlantirishdagi javobgarligini oshirish va yuqori natijalarga erishgan rahbarlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ–3182-son qaroriga muvofiq quyidagilar sektorlar rahbarlarining asosiy vazifalari etib belgilangan:

uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta'minoti, transport qatnovi, arxitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish;

ijtimoiy muhofazaning manzilliligi, iste'mol bozorida narxlarning barqarorligi, ijtimoiy soha obektlari, eng avvalo, sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqa muassasalarning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, ularning tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan obektlardan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, mahalliy budjetlarning daromad qismi va hududning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda zamonaviy bozor infratuzilmasini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

dehqon xo‘jaliklari, tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish bo‘yicha choralar ko‘rish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda huquqbuzarliklarni, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika qilish hamda ularni barvaqt oldini olish bo‘yicha ta'sirchan ishlarni tashkil etish.

Belgilanishicha, sektorlarga biriktirilgan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlarni sifatli tashkil etish va ular samaradorligi uchun tegishli sektor rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini ta'minlash va sektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan idora va tashkilotlarning har bir sektor bo‘yicha mas'ul xodimlari kamida uch oy muddat o‘tgandan keyin faqat asosli sabablarga ko‘ra hamda tegishli sektor rahbari bilan kelishilgan holda almashtirilishi mumkin;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2019 yil 8 yanvardagi PQ–4102-son qarorida belgilangan sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning rahbarlari o‘zlari tomonidan biriktirilgan sektor mas'ul xodimining faoliyati uchun sektor rahbarlari bilan birga javobgar hisoblanadi;

tegishli sektorlarga sektor mas'ul xodimi sifatida ish faoliyatida yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lgan, tizimda kamida bir yil faoliyat yuritgan shaxslar ajratiladi;

sektor mas'ul xodimlari sektorlarga tegishli idora va tashkilotlarning buyrug‘i asosida biriktiriladilar hamda asosiy ish joyidan ajralgan va o‘rtacha lavozim maoshi saqlab qolingan holda faoliyat ko‘rsatadilar;

sektorlarda aniqlangan muammolarni vakolat doirasida hal etishga (joyida hal qilish mumkin bo‘lgan va mablag‘ talab etmaydigan masalalarni hal etmaslik, muammo yuzasidan murojaatni tegishliligi bo‘yicha idora va tashkilotlarga yubormaslik) qaratilgan choralarni ko‘rmaslik sektor rahbarining qonun hujjatlarda ko‘rsatilgan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi;

aniqlangan muammolarni hal etish yuzasidan sektor rahbari tomonidan tegishliligi bo‘yicha idora va tashkilotlarga kiritilgan murojaatlarga 10 kun muddat ichida munosabat bildirilishiga (muammoni qonuniy hal qilish yoki murojaatda ko‘rsatilgan qonuniy talablar va takliflarni tuman va shahar darajasida qanoatlantirish imkoniyati bo‘lmasligini asoslantirish) tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar va mudofaa sanoati masalalari kotibiyati 2-bandda joriy etilayotgan tartib doirasida Samarqand viloyatining tuman va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari faoliyatini tahlil qilib boradi va 2020 yil 1 martga qadar ushbu tartibni kelgusida butun respublika hududida joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi.

Samarqand viloyatining tuman va shahar hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar rahbarlarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid