O‘zbekiston | 22:15 / 20.08.2019
39513
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir Namanganga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Namangan viloyatiga bordi.

Hukumat rahbari mazkur viloyatdagi safari davomida prezident Shavkat Mirziyoyevning Namanganga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Jurnalist Oqilxon Dadaboyevning Kun.uz’ga xabar berishicha, bosh vazir davlat rahbarining tashrifida belgilangan muhim topshiriqlar, istiqbolli loyihalarni hayotga izchillik bilan tatbiq etish yuzasidan Namangan shahrida amalga oshirilayotgan ishlarning borishidan qoniqish hosil qilgan. 

Bosh vazir hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi farovonligi va bandligini oshirish, tadbirkorlikni yanada quloch yozishga qaratilgan xayrli ishlarni jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni bergan.

Ma'lumot o‘rnida, qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan Namangan shahrida ayni kunlarda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ulkan turistik maskan – «Afsonalar vodiysi» xiyoboni, «Yuksalish» mavzesi, Navoiy va «Hamroh» ko‘chalarida ehtiyojmand oilalar uchun bir qator ko‘p kvartirali turar-joy binolari, «Paxtaliko‘l», «Dashtbog‘», «Mashad» kabi kichik erkin iqtisodiy zonalar barpo etish ishlari izchil olib borilmoqda.

Yaqin orada esa viloyat markazida taniqli milliarder Alisher Usmonovning ko‘magi bilan kongress zaliga ega, dunyo talablariga javob beradigan 18 qavatli biznes markazini qurish ishlari boshlanadi.

Mavzuga oid