O‘zbekiston | 18:04 / 29.08.2019
11470
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar yig‘inlari xodimlariga sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi

Foto: O‘zA

Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimining joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan ma'lumotlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashining so‘roviga muvofiq taqdim etilishi va ularning haqqoniyligini ta'minlash choralarini ko‘radi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman va shahar hokimliklari reyting baholash natijalari bo‘yicha fuqarolar yig‘inlari, ularning xodimlari va jamoatchilik asosida mehnat qilayotgan shaxslarni rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar mahalliy budjetning orttirilgan qo‘shimcha mablag‘lari hisobiga ajratilishini ta'minlaydilar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari   faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq fuqarolar yig‘inlari xodimlari va jamoatchilik asosida mehnat qilayotgan shaxslarga respublika hududidagi sanatoriylardan birida sog‘lig‘ini tiklash uchun bir marotabalik bepul yo‘llanma berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Nizomga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari faoliyatini reyting baholash yarim yillik va yil yakuni bo‘yicha o‘tkaziladi. Reyting baholash qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik va shaffoflik prinsiplariga asoslanadi.

Reyting baholash natijasida baholash “namunali”, "yaxshi”, "qoniqarli” va “qoniqarsiz” fuqarolar yig‘inlari aniqlanadi hamda "namunali” deb topilgan fuqarolar yig‘inlarining xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslar moddiy rag‘batlantiriladi.

Faoliyati “yaxshi” deb baholangan fuqarolar yig‘inlarini namunali qilish hamda faoliyati “qoniqarli” va “qoniqarsiz'' deb baholangan fuqarolar yig‘inlari faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari belgilanadi.

Fuqarolar yig‘inlari faoliyatini reyting baholash tuman (shahar) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid