Jahon | 00:59 / 30.08.2019
8634
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda dovul sababli harbiy samolyotlar Floridadan boshqa shtatlarga ko‘chirilmoqda

Foto: AP

Amerikalik harbiylar Atlantika okeanida shakllangan “Dorian” dovuli yaqinlashayotgani sababli o‘nlab harbiy samolyotlarni Floridadan boshqa shtatlarga ko‘chirmoqda. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.  

Ma'lum qilinishicha, gap taxminan 40 ta, jumladan patrul va razvedka samolyotlari haqida bormoqda. Ular Texas, Ogayo va Michiganga joylashtiriladi. 

AQShning dovullarni kuzatish milliy markazi mutaxassislarining oxirgi baholashlariga ko‘ra, “Dorian” Florida sohillariga joriy hafta oxirida yoki kelasi haftaning boshiga yetib boradi. Bu vaqtga kelib u kuchayib, 5 ta mumkin bo‘lgan toifadan 4-toifalik dovulga aylanishi kutilmoqda.

Hozirda dovul San-Xuandan shimol tomonda 355 km uzoqlikda bo‘lib, Florida tomon 5,8 m/soniya tezlik bilan harakatlanmoqda. Dovuldagi shamol tezligi 38 m/soniyani tashkil qilmoqda.

Florida gubernatori 28 avgustda shtat hududida favqulodda vaziyat tartibini kiritgan. Bu shtatga Vashingtondan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun qo‘shimcha mablag‘ va zaxiralar so‘rashga imkon beradi. 

Atlantikada dovullar mavsumi odatda yarim yil – 1 iyundan 30 noyabrgacha davom etadi. Agar shamol tezligi 17,5 m/soniyaga yetsa, shtorm nom olib, tropik shtorm sifatida, 33 m/soniyadan oshsa, dovul sifatida tasniflanadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid