Jamiyat | 07:01 / 30.08.2019
8536
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan xalq ta'limi bo‘limlariga 12ta "Spark" avtomashinasi topshirildi

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” parki amfiteatrida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning viloyatdagi oliy ta'lim hamda xalq ta'limi tizimlari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Muloqotda viloyatdagi 685 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida faoliyat yuritayotgan 470 mingdan ziyod pedagoglarning vakillari, uchta oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, viloyat va tumanlar xalq ta'limi tizimi xodimlari, ilg‘or va namunali maktab o‘qituvchilari va oliygohlar professor-o‘qituvchilari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, turli davlat va jamoat tashkilotlarining rahbar-mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lishdi. 

Viloyat hokimi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Maktab masalasi - kelajak masalasi, ta'bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasi, maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi, mamlakat taqdiri muallimlar qo‘lida”, degan e'tirofini alohida ta'kidlab, bu soha xodimlariga bildirilgan ulkan sharaf, ayni paytda cheksiz mas'uliyat ekanligini qayd etdi. 

Samimiy uchrashuv chog‘ida har ikki tizim oldida turgan vazifalar va o‘zgarishlarga ham keng to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv-muloqotda rag‘bat va e'tibor ifodasi sifatida Namangan shahri va viloyatdagi barcha tumanlar xalq ta'limi bo‘limlariga 12 ta “Spark” avtomashinalari topshirildi. Shuningdek, viloyat xalq ta'limi hamda oliy ta'lim tizimida faoliyat olib borayotgan eng faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ustoz-muallimlar, professor-o‘qituvchilar zamonaviy planshetlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Mavzuga oid