O‘zbekiston | 12:41 / 30.08.2019
6127
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda xalqaro fizika va matematika maktabi tashkil etiladi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyati Shovot tumanida Al-Xorazmiy nomidagi “Xalqaro fizika va matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligining:

Xorazm viloyati, Shovot tumani, Komiljon Otaniyozov ko‘chasi, 65-uy manzilda joylashgan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatiga Al-Xorazmiy nomidagi “Xalqaro fizika va matematika maktabi” maqomini berish;

budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi va Xorazm viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan xalqaro maktabni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va qayta jihozlash, shuningdek maktab uchun 20 o‘rinli mehmonxona binosini qurish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar xalqaro maktabning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;

o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;

har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mamlakatlardan tajribali o‘qituvchilarni jalb qilish;

iqtidor va iste'dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

2020-2021 o‘quv yilidan boshlab xalqaro maktabning 7-sinfiga 60 nafar o‘quvchi qabul qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga xalqaro maktabning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi;

xalqaro maktabda xorijiy mamlakatlar fuqarolari hisoblangan tegishli fanlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqli va iqtidorli o‘quvchilarni shartnoma asosida ta'lim olishiga imkoniyat yaratiladi;

xalqaro maktabda o‘quvchilarga yanada chuqurroq bilim berish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va o‘qitish metodikasini tatbiq etish uchun xorijiy mamlakatlardan o‘qituvchilarni ishga qabul qilishga hamda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillarining chuqur o‘qitilishini ta'minlash maqsadida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning o‘quv dasturlarini tatbiq etishga ruxsat beriladi;

2020-2021 o‘quv yilidan boshlab xalqaro maktab direktori, o‘rinbosarlari va o‘qituvchilariga Xorazm viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobiga 100 foiz qo‘shimcha ustama haq to‘lanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2008 yil 7 avgustdagi 173-son qarori bilan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlari uchun belgilangan ustamalar xalqaro maktab xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;

xalqaro maktab rahbar va pedagog xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish, shuningdek xalqaro maktab faoliyatini yanada takomillashtirish budjetdan tashqari manbalar va homiylik (beg‘araz) yordami hisobiga amalga oshirilishi mumkin;

davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalariga qo‘shimcha budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish Davlat budjetidan moliyalashtirish pasayishiga olib kelmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid