O‘zbekiston | 12:34 / 04.09.2019
33837
2 daqiqa o‘qiladi

DXAga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Foto: O‘zA

“Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasining 2019 yil 22 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bunyod Eshonqulov.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan maromiga yetkazilmoqda. Shuningdek, xorijiy davlatlarning tegishli qonunlari ham atroflicha o‘rganilmoqda.

Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi FHDYo arxivlariga rahbarlikni amalga oshirishi, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashi, shuningdek, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha choralar ko‘rishi, FHDYo arxivi mudiri va xodimlarini lavozimlariga tayinlashi va lavozimdan ozod etish vakolatlari belgilangan.

Ekspertlar, deputatlar ishtirokida qonun loyihasidagi havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritilmoqda.

Bugungi kunga qadar FHDYo organlari o‘z faoliyatlarini bir qancha qonunosti hujjatlari asosida amalga oshirib kelgani oqibatida ularning faoliyatida ayrim kamchiliklar va muammolar, byurokratik holatlar uchramoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bunday salbiy holatlarning oldini olishga yordam beradi.

Shuningdek, qonun loyihasi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi barcha organlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, FHDYo organlari xodimlarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish jarayonidagi javobgarligini belgilash imkonini beradi, shuningdek, sohadagi barcha tartib-taomillarni aniqlashtiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid