O‘zbekiston | 11:11 / 13.09.2019
137700
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarini almashdi - Karkidon suv ombori to‘lig‘icha O‘zbekistonga o‘tdi

Qirg‘iziston hukumatining O‘sh viloyati ma'muriyatidagi vakolatxonasi O‘zbekiston bilan yer maydonlari almashilganini ma'lum qildi.

O‘zbekistonga O‘sh viloyati Aravon tumanining To‘yamo‘yin okrugidagi, Karkidon suv ombori yonidagi yer maydoni berilgan.

O‘zbekiston esa Qirg‘izistonga Gulbahor qishlog‘i yonidagi yerni bergan. Chegaralar demarkatsiyasi joriy haftada o‘tkaziladi.  

Hududlar almashinuvi chegarani surishga imkon beradi.

Ikkala hudud ham bir xil maydonga ega – 407 gektardan. O‘sh viloyati ma'muriyatida ma'lum qilinishicha, hududlar almashilishi Qirg‘iziston tashabbusi bilan amalga oshirilgan. 

«Bu almashinuvga Qirg‘iziston tomonidan anchadan beri tashabbus bildirib kelingandi. So‘nggi muzokaralar vaqtida chegaraning demilitatsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi», deb aytgan O‘sh viloyati ma'muriyati matbuot kotibi Nurqiz Qodirbek qizi. 

Gulbahor qishlog‘i Aravon viloyatiga kiraverishda, O‘sh shahriga olib boruvchi yo‘l bo‘yida joylashgan. Avval ushbu yo‘lning bir qismi O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan, endi esa u to‘liq Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. Avval qirg‘izistonliklar qo‘shni qishloqqa O‘zbekiston hududi orqali o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan.

Suv omborining butun hududi va sohilbo‘yi O‘zbekistonga tegishli bo‘ladi. Qirg‘izistonning Karkidon qishlog‘i aholisi suv omboridan chiquvchi daryodan foydalana oladi.

Avvalroq, 10 sentabr kuni Qirg‘izistonning Aravon tumanidagi Karkidon suv ombori atrofida o‘zbek harbiylari tomonidan to‘siqlar o‘rnatilishi mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mahalliy hokimiyat O‘zbekiston bilan yerlar almashilgani, delimitatsiya yakunlangani, biroq demarkatsiya hali o‘tkazilmaganini ma'lum qilgan. Barcha jarayonlar yakunlanmaguncha to‘siqlarni o‘rnatish mumkinmasligi va hukumat ishlar to‘xtatilishiga va'da berishi aytilgan.

Mavzuga oid