O‘zbekiston | 18:39 / 13.09.2019
6692
4 daqiqa o‘qiladi

Sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari tasdiqlandi

Foto: panthermedia/vostock-photo

Vazirlar Mahkamasining “Sud boshqaruvchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Sud boshqaruvchilari, ularni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish va malaka attestatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun talabgorlarni o‘qitish va sud boshqaruvchilari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bankrotlikning soddalashtirilgan tartibotlarini amalga oshirishda sud boshqaruvchilariga mukofotlar to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 2019 yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida mablag‘lar ajratadi va 2020 yildan boshlab har yili zarur budjet mablag‘lar ajratilishini nazarda tutadi.

Sud boshqaruvchilari, ularni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish va malaka attestatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo‘lgan fuqarosi sud boshqaruvchisi hisoblanadi va u iqtisodiy sud tomonidan sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholash hisobga olingan holda:

kuzatuv tartibotini joriy etishda - kreditor (kreditorlar) tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi. Vaqtincha boshqaruvchi nomzodi kreditor (kreditorlar) tomonidan taklif etilmagan taqdirda, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki uning hududiy boshqarmasi yoxud O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi yoki uning hududiy bo‘linmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi;

sud sanatsiyasi tartibotini amalga oshirishda - kreditorlar yig‘ilishi yoki majburiyatlar bajarilishini ta'minlagan shaxslar yoki Agentlik yoxud uning hududiy boshqarmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi;

tashqi boshqaruv va tugatish ishlari tartibotlarini amalga oshirishda - kreditorlar yig‘ilishi yoki Agentlik yoxud uning hududiy boshqarmasi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tayinlanadi.

Sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv yoxud tugatish ishlari tartibotlarini amalga oshirishda vaqtincha boshqaruvchi vakolatini amalga oshiruvchi shaxs nomzodi sud boshqaruvchisi sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Assotsiatsiya Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholaydi va sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash haqidagi ma'lumotlarni har chorakda ommaviy axborot vositalarida e'lon qiladi hamda Agentlikning rasmiy veb- saytida joylashtirilishini ta'minlaydi.

Iqtisodiy sud bankrotlik tartibotidan kelib chiqib, quyidagi sud boshqaruvchilarini tayinlaydi:

kuzatuv tartibotini amalga oshirish uchun - vaqtincha boshqaruvchi;

sud sanatsiyasi tartibotini amalga oshirish uchun - sanatsiya boshqaruvchisi;

tashqi boshqaruv tartibotini amalga oshirish uchun tashqi boshqaruvchi;

tugatish ishlari tartibotini amalga oshirish uchun - tugatish boshqaruvchisi.

Mustaqillik, obektivlik va xolislik sud boshqaruvchisi faoliyatining asosiy tartibotlari hisoblanadi.

Sud boshqaruvchisi:

qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi;

buxgalteriya hisobi, mol-mulkni baholash va menejmentga oid bilimlar asosiga ega bo‘lishi;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari asoslarini bilishi;

qarzdorni moliyaviy sog‘lomlashtirish va kreditorlar talablarini mutanosib ravishda qondirish yechimlarini topishi:

bankrotlik sohasida professional bilimlarga ega bo‘lishi, ularni doimiy ravishda takomillashtirishi;

yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishi - topshirilgan ishga vijdonan munosabatda bo‘lishi, o‘z faoliyatini amalga oshirishda ijrochi, tashabbuskor, intizomli, bosiq, emotsional va ruhiy barqaror bo‘lishi zarur.

Sud boshqaruvchisi bankrotlik to‘g‘risidagi jarayon davomida qarzdor va kreditorlarga nisbatan betaraf bo‘lishi lozim.

Sud boshqaruvchisi o‘z vazifalarini bajarishda qarzdor va kreditorlar bilan mehnat munosabatlarida, shuningdek, ularning mulkdorlari va mansabdor shaxslari bilan mulkiy va boshqa manfaatlarga ega bo‘lishi mumkin emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid