Sport | 15:47 / 14.09.2019
6690
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston regbi federatsiyasi rahbariyatida o‘zgarish yuz berdi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston regbi federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiya rahbariyati va ijroqo‘m tarkibini yangilash kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masalalar bo‘ldi. 

Konferensiyani O‘zbekiston Oliy Majlisi Senat raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston regbi federatsiyasi rahbari Sodiq Safoyev olib bordi. Shuningdek, unda MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov ishtirok etdi.

Ovoz berish jarayoniga ko‘ra, federatsiya rahbariyatidagi lavozimlarga quyidagilar saylandi:

Bosh kotib: Qahramon Jalilov;

Federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari: Azizbek Ikromov;

Rais o‘rinbosarlari: Oybek Qosimov va Timurbek Hikmatullayev;

Yig‘ilish davomida terma jamoa vakillarini Tokio Olimpiadasiga tayyorlash jarayonida yo‘lga qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusi yillar uchun ishlab chiqilgan rejalar ko‘rib chiqildi.

“Yangi rahbariyat oldiga ko‘p vazifalar qo‘yildi. Regbi erkaklarcha xarakterni o‘zida mujassam qilgan sport turlaridan biri. Bu sportda erishishimiz mumkin bo‘lgan yutuqlarimiz ko‘p. Ularni amalga oshirish uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz darkor. Sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ular uchun kerak bo‘ladigan barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Hozirda regbichilar shug‘ullanishi uchun O‘zbekiston Milliy universiteti maydoni rejalashtirilgan. U maydon ulkan ta'mirlash ishlaridan so‘ng sportchilarimiz ixtiyoriga topshiriladi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Yig‘ilish davomida federatsiya faoliyatini kuchaytirish, ham erkaklar, ham ayollar terma jamoalari uchun Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid