Futbol to‘g‘risida gap ketganda uni ulug‘lab «Birinchi raqamli sport turi» jumlasini ishlatish urf bo‘lgan. Lekin bu qanchalik haqiqatga yaqin? Dunyoda birinchi raqamli bo‘lishga da'vogar sport turi uni tomosha qiluvchilar va shug‘ullanuvchilar soni bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi kerak emasmi? Futbol shunday natijaga erishganmi? Keling, aholisi eng yirik davlatlar misolida buni tahlil qilib ko‘ramiz.

Xitoy (aholisi 1.430.075 000 kishi)

Xitoyda futbolni yaxshi ko‘rishadi. Ammo uni ushbu mamlakatda birinchi raqamli sport turish deyish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Dunyoning boshqa hududlarida «stol tennisi», o‘zlari esa «ping-pong» deb ataydigan sport turi mahalliy aholining jonu-dili. Shuningdek, yakkakurash, yoga ham xitoyliklarning sevimli ermaklaridir. Albatta, dunyo bo‘ylab futbolga qiziqish yuqoriligi xitoylik korchalonlarning ham e'tiboridan chetda qolmagan. So‘nggi yillarda klublarga juda katta pul tikilishi, Yevropaning nomdor futbolchilari transfer qilinishi ortidan Xitoyga e'tiborni tortish maqsad qilingan. Buning ortida ham tabiiyki biznes hamda manfaatlar yotadi.

Hindiston (aholisi 1.339.180.000 kishi)

Foto: The National

Bemalol aytish mumkinki, Hindistonda futbol birinchi raqamli sport turi emas. Bir vaqtlar yirik futbol musobaqasida hindistonlik futbolchilar stadionga yalangoyoqda chiqib kelishgani va hakamning e'tirozi tufayli o‘yindan voz kechganliklari qayd etilgan.

Nafaqat Hindiston, balki aholisi soni jihatdan yetakchi o‘rinlarda turadigan yana ikki davlat – Pokiston (208 mln kishi) hamda Bangladeshda (175 mln kishi) ham hech qaysi sport turi ommaboplikda kriket bilan tenglasha olmaydi.

Kriket bo‘yicha yetakchilar bu davlatlarda haqiqiy yulduz, milliy qahramonlardir.

AQSh (aholisi 328 mln kishi)

Dunyoning eng boy va hamma muhojirlar intiluvchi davlatida futbolni «sokker» deb atashadi. Dastlab bu o‘yin futboldan ancha farq qilgan – 30 daqiqadan uchta bo‘lim bo‘lgan, to‘p maydon chetidan qo‘lda emas, oyoqda kiritilgan.