O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston regbi federatsiyasining quyidagi takliflari ma'qullandi:

a) har bir ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida regbi bo‘limlarini ochish;

b) bolalar-o‘smirlar sport maktablariga ishga qabul qilinayotgan regbi bo‘yicha murabbiylar nomzodlarini O‘zbekiston regbi federatsiyasi bilan majburiy kelishish tartibini joriy qilish;

v) quyidagilarni nazarda tutuvchi regbi bo‘yicha sport musobaqalarini o‘tkazishning to‘rt bosqichli tizimini joriy etish:

birinchi bosqichda – sport klublari, seksiyalari jamoalari o‘rtasidagi sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

ikkinchi bosqichda – sport klublari, seksiyalari jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida tuman (shahar) sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

uchinchi bosqichda – tuman (shahar) sport musobaqalarida g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida hududiy sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

to‘rtinchi bosqichda – hududiy sport musobaqalarida g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida respublika sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok).

2019 – 2022 yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilandi:

iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;

regbini ommalashtirish, yoshlarni sport to‘garaklari, seksiyalar va to‘garaklarga faol jalb qilish, ulardan erkin foydalanish imkoniyatini ta'minlash;

trenerlar, hakamlar va regbi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

regbi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun sifatli va samarali tayyorgarligini ta'minlash;

xalqaro musobaqalarning g‘oliblari va sovrindorlarini rag‘batlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish;