O‘zbekiston | 18:29 / 14.09.2019
37768
6 daqiqa o‘qiladi

«Sizga «vyzov» bo‘ldimi, unga ushbu moddani eslating!» - Kun.uz’da yurist vaqti

Hozirgi kundagi eng dolzarb masalalardan biri fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish hisoblanadi. Davlat bu sohada o‘z sa'y-harakatlarini olib bormoqda. Kun.uz tahririyati ham «yurist vaqti» deb nomlangan yangi loyihani boshladi. Bunda aksar fuqarolar e'tibor bermaydigan yoki bilmaydigan qonunchilikda belgilangan huquq, majburiyat, tartib va boshqalar to‘g‘risida turkum maqolalar berib boriladi.

So‘nggi vaqtlarda respublika bo‘ylab «snos» mojarolari avj oldi. Tan olish kerak, bu vaziyatlarda ayrim mansabdor shaxslar qonunchilik va belgilangan tartib-taomillarga amal qilmadi. Buning ortidan noroziliklar kuchaydi. Ba'zilari buzish ishlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilmagan bo‘lsa, ba'zilari o‘zlari imzolagan kelishuv bitimi shartlariga rioya etishmadi.

Mana shunday vaziyatlar sizda ham yuzaga kelgan bo‘lsa, siz ham tegishli ma'muriy sudga murojaat qilishingiz lozim.

Misol uchun, ko‘chmas mulkni buzib tashlash tartibini buzgan mansabdor shaxsga kodeksning 24111-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan. Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli binolarni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki dov-daraxtlarni zararning o‘rnini mazkur mol-mulkning bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplamagan holda buzib tashlash mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Eng kam ish haqi hozirgi kunda 223 ming so‘mni tashkil etadi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunday holat yuz bersa, jabrlangan shaxs birinchi navbatda kerakli dalillarni to‘plab tegishli ma'muriy sudga murojaat qilishi kerak. Buyog‘i sudyaning vijdoni va ijro nazoratini olib boruvchi shaxslarning ishini qay darajada amalga oshirishiga havola.

Jurnalistlik va yuristlik faoliyatimda tadbirkorlardan ayrim davlat tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlarini buzgan holda hujjatlar talab qilib olish holatlariga duch kelaman. Bunday hollarda eng birinchi navbatda tadbirkorlarning o‘zlarini ayblayman. Ular o‘z huquqlarini, belgilangan tartiblarni, sohasida bo‘layotgan qonunchilikdagi yangiliklarni bilishmaydi, kuzatib borishmaydi. Ular o‘z korxonasida yurist shtatini ochishmaydi, yurist xizmatidan foydalanishmaydi. Pulini qizg‘anadi, undan ko‘ra bitta marketolog shtati ochsam, korxonamga daromad olib keladi, qabilida ish tutadi. Bir necha o‘n millionlab zararlardan saqlab qoluvchi shaxslar xizmatidan esa foydalanmaydi.

Agar sizga nisbatan ham yuqoridagi noqonuniy hujjat talab qilish holatlari bo‘lsa, unda kodeksning 24110-moddasi sizga xizmat qiladi. Tadbirkorlik sub'yektlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotni, shuningdek boshqa hujjatlarni, shu jumladan bank hisobvarag‘ini ochishda ortiqcha hujjatlarni talab qilib olish, xuddi shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish mansabdor shaxslar va xizmatchilarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga eng kam ish haqining qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yana amaliyotda tez-tez uchrab turadigan holat mavjud. Bu ham tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati bilan bog‘liq. Odatda bu ishlar banklar va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida kuzatiladi. Banklarning tegishli bo‘limiga «bo‘l tez, menga falonchining hisobida qancha pul bor, aytvor», degan «vyzov»lar amaliyotda yo‘q emas.

Shunday voqea yuz bersa, kodeksning sizni himoya qiluvchi 2418-moddasi mavjud. Unga ko‘ra, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hollarda tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvaraqlarida pul mablag‘lari mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni talab qilib olish, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga eng kam ish haqining qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shunchaki, ushbu vaziyatda o‘sha «vyzov»chiga ushbu moddani eslating.

Keyingi holat mansabdorlar tomonidan majburiy homiylik va boshqa tadbirlarga jalb etish hisoblanadi. Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini pul mablag‘lari hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ajratish bilan bog‘liq homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘quvchi sifatida sizlarning takliflaringiz ham tahririyat tomonidan albatta ko‘rib chiqiladi. Ularni izohlarda qoldirishingiz mumkin.

Mavzuga oid