Jahon | 11:37 / 16.09.2019
6826
2 daqiqa o‘qiladi

Brent nefti Saudiya Arabistonidagi hujumlardan keyin 14 foizga qimmatlashdi

Foto: TASS

Brent nefti narxi Londondagi ICE birjasi ochilishi vaqtida 13,86 foizga ko‘tarilib, bir barreli uchun 69,91 dollarga yetdi.

Savdolarning ilk daqiqalarida neft narxi undan ham yuqorilab, 71,95 dollarni tashkil qilgan. Oxirgi marta ushbu neft 22 mayda 71 dollardan qimmatroq turgan.

WTI nefti 11,23 foizga qimmatlashib, narxi 61,79 dollarga yetgan.

Keyinroq Brent narxi 67,67 dollar darajasida o‘rnatilgan.

Neft narxi Saudiya Arabistonidagi neft obektlariga dronlarda hujum qilingandan keyin ko‘tarilmoqda. Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi zavodlariga hujum oqibatida kompaniyaning neft olish hajmi yarmiga – 5,7 mln barrelga qisqargan.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp hujumdan keyin bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun AQShdagi strategik neft zaxiralaridan foydalanishga ruxsat berdi. U bu qarori haqida tvitterda ma'lum qilgan.

“Neft narxiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan hujumlardan keyin zarurat bo‘lsa bozorni normal darajada ta'minlash uchun yetadigan hajmda strategik neft zaxirasini qo‘llashga ruxsat berdim”, deb yozgan Tramp.

Trampning aytishicha, AQSh Ar-Riyoddan hujum ortida kim turgani borasidagi fikrlarini kutmoqda va shundan kelib chiqib harakat qiladi. “Saudiya Arabistoni neft tarmog‘iga hujum qilindi. Biz buni kim qilganini taxmin qilishimizga asos bor, biz to‘liq jangovar tayyorgarlikdamiz va barchasi ushbu taxminimizning tasdiqlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Biroq biz qirollikning hujum ortida kim turgani va qanday ish tutishimiz kerakligi haqidagi fikrini kutmoqdamiz”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti. 

Mavzuga oid