Sport | 11:13 / 16.09.2019
2948
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik 3 nafar parasuzuvchi Tokio Paralimpiyasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

9-15 sentabr kunlari London shahrida parasuzish bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. 15 sentyabrda musobaqaning so‘nggi bahslari tashkil etildi. Jumladan, 50 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda o‘zbekistonlik parasuzuvchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ushbu masofaga suzishda Islom Aslanov ikkinchi, Muzaffar Tursunxo‘jayev esa uchinchi natijani qayd etdi va ular mos ravishda kumush hamda bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Ta'kidlash kerakki, ushbu musobaqada 7 nafar sportchi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 1ta oltin, 4ta kumush va 3ta bronza, jami 8ta medalga ega chiqdi. Shu tariqa parasuzuvchilar 60ta davlatdan 600ga yaqin sportchi ishtirok etgan ushbu jahon chempionatida umumjamoa hisobida 20-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Yana bir quvonarli jihati, Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, ushbu jahon chempionatida 1- va 2-o‘rinni egallagan sportchilar kelasi yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lishdi. Shu munosabat bilan Shohsanam Toshpo‘latova, Islom Aslanov hamda Firdavs Musabekovlar Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 

Sportchilar 17 sentabr kuni erta tongda London-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bilan O‘zbekistonga qaytib kelishadi.

Quyida parasuzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionati sovrindorlari bilan tanishib olishingiz mumkin:

Shohsanam Toshpo‘latova – 1 ta oltin, 1 ta bronza;

Islom Aslanov – 3 ta kumush;

Firdavs Musabekov – 1 ta kumush

Nigora Mirzohidova – 1 ta bronza

Muzaffar Tursunxo‘jayev – 1 ta bronza

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid