Sport | 16:03
2692
5 daqiqa o‘qiladi

Abbos Fayzullayev: Jahon chempionatida guruhdan chiqishimiz hayron qolarli ish bo‘lmaydi!

O‘zbekiston Milliy jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanma olgach, yurtimizda futbolga qiziqish chandon ortdi. Avvaldan ham futbol mamlakati hisoblangan O‘zbekistonda endi bu sport turi yanada ommalashmoqda, muxlislar va OAV tomonidan avvalgidanda ko‘proq muhokama mavzusiga aylanmoqda. Ayniqsa, Mundial yo‘llanmasi uchun kurashgan futbolchilarimizga e’tibor yanada oshdi.

Jahon chempionati saralash bosqichida maydonga chiqqan, o‘zini ko‘rsatgan, ko‘p mehnati singgan futbolchilar bilan intervyular berib boryapmiz. Navbat “Istanbul Bashakshehir” klubi va milliy jamoa hujumkor yarimhimoyachisi Abbos Fayzullayevga. Biz Istanbulga safarimiz davomida Milliy jamoamizning muxlislar yoqimtoyiga aylangan futbolchimiz bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdik.

Milliy jamoadagi raqobat

- Men milliy jamoaga eng kichik o‘yinchilardan biri sifatida borganman. Ammo baribir o‘sha raqobatga tayyor bo‘lib borish kerak. Balki o‘sha payt tayyor bo‘lmagan bo‘lishim mumkindir, lekin katta futbolda o‘zingizga ishonchingizni maydonda ko‘rsatmasangiz, bunaqa raqobatni yorib o‘tish qiyin. Boz ustiga milliy jamoada bosim ham kuchli, tajribaliroq o‘yinchilar bor u yerda.

Futbolda joy hech qachon kafolatlanmaydi. O‘sha paytdagi holatingizdan kelib chiqib, agar yaxshi formada bo‘lsangiz, trener loyiq ko‘rsa, o‘yinga tushiradi. Agar yomon formada bo‘lsangiz, terma jamoa mas’uliyati kuchli bo‘lgani uchun bunaqa riskka hech kim bormasa kerak.

Rossiyadan Turkiyaga

TsSKAda sovrinlarni yutdik, bundan xursand edim. Biroq yangi murabbiy kelgach, maydondagi pozitsiyamni o‘zgartirdi. Bu esa o‘yinimda pasayish bo‘lishiga sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki avval unaqa pozitsiyada o‘ynamaganman, unday funksiyalarni bajarmaganman. Shu tufayli o‘sishdan to‘xtadim ozroq, menimcha.

Shartnomam tugashiga bir yil qolgan edi. Faoliyatimda o‘zgarish qilishni, Yevropada o‘ynashni, yevrokuboklarda ishtirok etishni istadim. Moskvada hammasi yaxshi edi, meni klubdagilar ham, muxlislar ham yaxshi ko‘rishardi. Biroq yevrokuboklarda o‘ynash, top-5 chempionatlardan biriga o‘tish uchun tramplinni izlash istagi Turkiyani tanlashda muhim rol o‘ynadi. Siyosiy holat tufayli Rossiyadan yanada kuchliroq joyga ketish amrimahol edi. Turkiyada esa bunday to‘siq yo‘q.

Hozir bosh murabbiy Nuri Shahin bilan munosabatlarimiz yaxshi, o‘yin amaliyoti bor. Turkiyadagilimdan mamnunman.

Boshida bu yerda ham oson bo‘lmadi. Moslashishga vaqt kerak bo‘ldi. Boz ustiga Shahindan avvalgi murabbiy meni o‘yinlarga tushirmadi. Xafa bo‘ldim. Keyin esa endigina o‘yinlarda qatnasha boshlagach, milliy jamoada jarohat oldim. Biroq aybni o‘zimdan qidirdim va bu pauzalar menga foyda bo‘ldi, deyishim mumkin. O‘tirib, hammasini o‘ylab oldim. Bunaqasi ketmaydi, dedim o‘zimga o‘zim.

Yevropa ambitsiyalari haqida

Idealimda “Barselona”da o‘ynash. Ammo real qarasak, bu juda qiyin. Aqalli ispaniyaning o‘rtamiyona jamoalaridan biriga o‘tib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish. Uyog‘ini keyin ko‘ramiz. Men doim Ispaniyada o‘ynashni orzu qilganman va bu maqsadimdan chekinmayman. Agar pul ustuvor bo‘lganida, Saudiya Arabistoniga ketishim mumkin edi, chunki bu variant ham bor edi menda. Aynan top-5 chempionatlaridan birida o‘ynash istagim tufayli Turkiyadaman.

Jahon chempionatiga yo‘llanma haqida

Jahon chempionatiga yo‘l oson bo‘lmadi. Abu-Dabidagi o‘yinda hakam hushtak chalganidan keyin barcha orzularim, butun faoliyatim ko‘z oldimdan o‘tdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Stadionda otam va akam bor edi. Ularning xursandchiligini ko‘rdim. O‘zim uncha-munchaga yig‘laydigan odam emasman, ammo o‘sha payt quvonch ko‘zyoshlarini tiyolmadim.

Keyingi Qatarga qarshi o‘yinga bemalol, hech qanaqa bosimsiz, erkin, faqat futboldan zavq olish uchun chiqdik.

Jahon chempionatida biz...”

Orzu o‘z yo‘liga, biroq real qaraydigan bo‘lsak...

Jahon chempionatiga hech kim yutqazamiz deb bormaydi. O‘zimizdan maksimal ko‘proq narsani xohlashimiz kerak. Guruhdan chiqsak, menimcha, hech kim bundan norozi bo‘lmaydi. Asosiy o‘yinchilar sog‘-omon bo‘lib tursa, guruhdan chiqishimiz mumkin. Buni inkor qilmasdim. Kolumbiya ham, Portugaliya ham kuchli raqib. Lekin futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Ruhiy jihatdan Mundialga tayyorman. Shuncha vaqtdan beri orzu qilib yurib, erishgandan keyin uyoqqa tayyor bo‘lmay borishning iloji ham yo‘q va haqqimiz ham yo‘q. Ota-ona, yaqinlar, O‘zbekiston bizga ko‘z tikib turibdi, axir.

Abbos Fayzullayev bilan to‘liq intervyuni Kun.uz’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Бобур Акмалов
Muallif Бобур Акмалов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid