O‘zbekiston | 12:34 / 19.09.2019
54487
4 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi raisining «Hukumat soati»dagi chiqishi tanqid ostiga olindi

Behzod Musayev / Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Joriy yilning 6 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan “Hukumat soati”da O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev yangi soliq konsepsiyasining joriy qilingani munosabati bilan belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish vazifalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari to‘g‘risida deputatlarga axborot berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolbo‘tayevning yozishicha, “Hukumat soati” o‘z nomi bilan bir soat davom etadigan tadbir. Shu bois, parlament quyi palatasida qaror topgan amaliyotga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi raisiga axborot berishi uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratilgan edi. 

“Ammo “ma'ruza” 35 daqiqaga cho‘zilib ketdi. Tabiiyki, savol-javoblarga juda kam vaqt qoldi. Natijada parlament a'zolari ko‘plab muammoli savollarini berolmadilar.

Bu ham yetmaganday, xalq vakillarining aholi hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan bergan savollariga ham mutasaddilar aniq javob qaytara olmadi”, - deydi deputat.

O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan prezidentning 2018 yil 30 oktyabrdagi “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarni qo‘llash tartibi bekor qilingan bo‘lishiga qaramasdan, soliq organlari tomonidan moliyaviy sanksiya va jarimalar qo‘llanib kelinayotgani aniq misollar bilan keltirilib, e'tiroz bildirildi.

Davlat soliq qo‘mitasining raisi esa, mazkur masala to‘liq o‘rganib chiqishni, bu esa, vaqt talab talab etishini ro‘kach qilib, keltirilgan misollardagi qarzdorliklar o‘tgan yillarda vujudga kelgani uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin, deya javob qaytardi, deb yozadi deputat.

Uning aytishicha, prezident farmonida debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarni qo‘llash tartibi 2019 yil 1 yanvardan bekor qilinishi qayd etilgan bo‘lib, bunda o‘tgan davrda hosil bo‘lgan debitorlik qarzlari uchun qo‘llanilmasligi keltirilmagan. Ya'ni, bu korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar o‘tgan yillardan bo‘lsa ham sanksiyalar qo‘llanmasligini anglatadi.

“Qizig‘i, deputatlarning boshqa savollariga ham javob shunga o‘xshash tarzda berildi.

Xullas, Davlat soliq qo‘mitasi raisidan “Hukumat soati”da ko‘p masalalarga yechim, jo‘yali javob kutgan edik. Ammo soliq organlari tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi, haqiqiy maslahatchi organga aylanishiga hali ancha vaqt borligiga o‘xshaydi”, - deyiladi Erkin Xolbo‘tayevning munosabatida.

Mavzuga oid