O‘zbekiston | 11:40 / 28.09.2019
4783
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi: «Tog‘ sharpasi» o‘quv mashg‘ulotlari yuqori saviyada o‘tmoqda

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida kechayotgan “Tog‘ sharpasi” o‘quv kurslari mobaynida sara harbiy xizmatchilar malakali mutaxassislar yetakchiligida jismoniy-taktik imkoniyatlarini oshirmoqda.

 Vazirlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, kunduzgi va tungi otish, razvedka va aloqa, hududga muvofiq niqoblanish, shartli bemorni favqulodda evakuatsiya qilish, pistirmadan hujum, shartli dushmanni qurshab olish, daryodan kechuv, jarlik va daralar aro kanat orqali xavfsiz o‘tish yo‘li hozirlash, shuningdek tog‘ anjomlaridan bexato istifoda etish kabi o‘nlab murakkab jangovar vazifalarni guruh va yakka tartibda ado etayotgan “tog‘ o‘g‘lonlari” yilning to‘rt faslida – har qanday vaziyatda o‘zlarining jangovar shayligini yuksaltirmoqda.

 “Tog‘ sharpalari”dan topografiya, taktika, tibbiy tayyorgarlik kabi muhim harbiy fanlarni puxta bilish barobarida tog‘ ilmidan boxabarlik: jangovar sharoitlarda tabiatning nozik unsurlaridan ustomonlik bilan foydalanish singari tajribalarni ham muvaffaqiyatli o‘zlashtirish talab etiladigan o‘quv-mashg‘ulotlar yuqori saviyada olib borildi.

 – Aksariyat harbiy xizmatchilar ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida ilk bor qatnashayotganiga qaramay, yaxshi natijalarga erishmoqdalar, kundan-kunga tajribalari oshyapti, – deydi kapitan Farrux Toshev. – Ayni damda “Ko‘ksuv” darasidan kanat orqali shartli yaradorni olib o‘tish, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda tungi va kunduzgi otish mashg‘ulotlari samarali ravishda amalga oshirildi.

 “Tog‘ sharpasi” o‘quv kurslarida a'lo baho olgan harbiy xizmatchilar qishki o‘quv-mashg‘ulotlariga jalb etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid