Jamiyat | 23:29 / 28.09.2019
23161
8 daqiqa o‘qiladi

Namangan maktablarida darslik-kitoblarsiz o‘qiyotgan o‘quvchilar nima qilsin? 

Yoshligimizda o‘qituvchilar jamiyat ichida “yarq” etib ko‘zga ko‘rinib turadigan, bilimli, o‘z haqqini talab qila oladigan darajada huquqiy savodxonlikka ega, jamiyatdagi kamchiliklarni ro‘y-rost aytadigan bo‘lar edi. 

Afsuski, so‘nggi 20 yil davomida ustozlar, muallimlikka daxldor bo‘lmagan ishlarga aralashaverib o‘ta kamsuqum, o‘zlariga taalluqli bo‘lmagan kamchilikni oshkora aytishdan ham istihola qiladigan bo‘lib qolishdi.

Namangan viloyatidagi o‘rta maktablarda darsliksiz ta'lim olayotgan o‘quvchilar to‘g‘risida tahliliy maqola yozayotib ham xuddi shunday muammoga duch keldik.

“Muammo bor, lekin maktabimiz, shahrimizni ko‘rsatmasangiz yaxshi bo‘lar edi. Gap tegib qolmasin...”. Ulardan mana shu iltimosni ko‘p bora eshitdik.  “Shunaqa... Oriyatli, rahbarlarini o‘ylaydigan muallimlarimiz bor”. Aslida, muammo shahar xalq ta'limi bo‘limi, maktablarga emas, balki kitob bilan vaqtida ta'minlamagan yuqori tegishli.

Namangan shahar Kengashi deputati Ma'rufxon Mo‘minov o‘z hududidagi ta'lim muassasalarida bo‘lganida o‘qituvchilar maktablarda darsliklar yetishmayotgani, ko‘plab o‘quvchilarga o‘quv yili uchun umuman komplekt (jamlanma) berilmagani haqida murojaat qilganini bildirgach, muammoni o‘rganish uchun yo‘l oldik.

Ta'lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchi uchun darslik qay darajada zarur va katta ahamiyat kasb etishini tushuntirishning keragi yo‘q, albatta. Darhaqiqat, hududdagi maktablarda bo‘lganimizda bir oy davomida ko‘plab o‘quvchilar darsliklarsiz bilim olayotganini guvoh bo‘ldik.  

Shahardagi 74, 75- maktablarda bo‘lganimizda, 5-sinf o‘quvchilarining katta qismi darsliklar jamlanmasi bilan umuman ta'minlanmaganini bildik. Ma'lumot uchun aytib o‘tamiz, 5-sinf o‘quvchilari 14 ta fandan iborat kitoblar jamlanmasiga ega bo‘lishlari kerak. Ana shunday darsliksiz o‘quvchilar soni 75 – maktabda 35 nafar, 74-maktabda esa 43 nafarni tashkil qiladi.

“Maktabimizdagi 5ta 5-sinfda 167 nafar o‘quvchi  bor. Ayni paytda ulardan 43 nafari komplekt kitoblar bilan ta'minlanmagan. Ota-onalar, o‘qituvchilar har kuni kitob so‘raydi. Eski kitoblardan berib, o‘quvchilarga bor kitoblarni taqsimlab ish olib boryapmiz. Kitoblarni bo‘lib berganimiz uchun endi ba'zi o‘quvchilarda besh-oltitadan kitob tanqisligi yuzaga kelyapti. Uchta 11- sinfda ta'lim olayotgan o‘quvchilarimizda jami 38 komplekt kitoblar yetishmayapti”, – deydi 74-maktab kutubxonachisi Adibaxon Ahmedova.       

75-umumta'lim maktabida ham xuddi shu holat. 5-sinflardan tashqari, 2-sinf o‘quvchilarida ham darsliklar yetishmayapti.

Hududdagi 31-maktabning 5-sinflarida 25ta, 43-maktab 5-sinflarida esa 48ta komplekt darsliklar berilmagan. 48 – maktabdagi esa beshinchi yil o‘qiyotgan sinflarning 65 tasiga darslik jamlanmalari berilmagan.                                              

“Partadoshim ikkalamizga bir kitob”

Maktablarni aylanib, muallimlarning dars berishga, o‘quvchilarni esa bilimga juda chanqoq ekanligini ko‘rib quvondik. 74 – maktabning Gulchehraxon To‘ychiyeva rahbarlik qiladigan sinfida 34 nafar o‘quvchi bo‘lib, sinfga 13 komplekt kam kitob berilgan. Muallimaga: “Kitob bo‘yicha berilgan mavzularni o‘quvchilar qanday o‘zlashtiradi?”, degan savolni beramiz. O‘quvchilarning qo‘shni ekanligini hisobga olib kitob tarqatganmiz. Shunda bir-biridan olib foydalanish oson bo‘ladi”, deydi muallima.

Shu sinfdagi, 5 donagina darsligi bor o‘quvchini, “Adabiyot kitobingiz yo‘q ekan. Qiynalmayapsizmi?”, deya savolga tutamiz. Bolajon javobi oddiy bo‘ldi: “Yo‘q partadoshim bilan birga o‘qiyapmiz”. Sinfdagi deyarli barcha partada ikki o‘quvchiga bitta darslik ekanini bildik.

75-maktabning 2-sinf o‘qituvchisi esa shogirdlari kitob yetishmasligi oqibatida foydalanishdan chiqarilgan eski kitoblar foydalanayotganini aytib, ikki xil darslik kitobidagi farqni ko‘rsatdi. “Kitob yo‘qligi bois, eski darslikni bolalarga beryapmiz. Tizimli ravishda o‘tayotgan darslarimizdagi mavzular bir-biriga to‘g‘ri kelmayotgani chatoq bo‘lyapti”, deydi muallima.

Mutasaddilar nima deydi?

Deputat Ma'rufxon Mo‘minov bilan birgalikda Namangan shahar xalq ta'limi bo‘limi mutasaddilari yoniga borib, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Lutfullayev ham darslik va kitoblar uchun ma'sul Adhamjon Mamadaliyevlarga masala yuzasidan savollarimizga javob olishga harakat qildik.

Adhamjon Mamadaliyev ayni payt mavjud maktablardagi 5- sinflarni o‘ziga 330 komplekt darsliklar yetishmasligini bildirdi. Mutasaddining aytishicha, kitoblardagi kamchiliklarni to‘ldirish uchun Andijon viloyatiga ketayotganini ham aytib, oktabr oyiga barcha muammolar hal etilishi haqida gapirdi.

Darslik yetishmasa ta'lim sifati haqida nima deyish mumkin?

Aslida, vodiy viloyatlaridan o‘quvchilarga yetarli darajada darsliklar berilmayotgani haqidagi murojaatlar sentyabrning ilk kunlaridan tusha boshlagan edi. Biz o‘quv yili endi boshlangani sabab, oy oxirigacha kutishni ma'qul ko‘rganmiz.

Afsuski, o‘quv yilining birinchi to‘rt haftasi yakuniga yetsa ham Namangan viloyat, Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi ta'lim muasssalariga darsliklar yetib kelmabdi.

Nahotki, vazirlikning darsliklarga mas'ul mutasaddilari viloyatlardagi sinflar va unda ta'lim olayotgan o‘quvchilar sonidan bexabar. O‘n birinchi yoki birinchi sinf o‘quvchilariga darsliklar yetishmasa, soni aniq bo‘lmagan deyishimiz mumkin. Axir, ikkinchi, uchinchi, beshinchi va hokazo sinflarning o‘quvchilari soni aniq edi-ku?

Yurt kelajagi bo‘lgan o‘quvchilarning bir-ikki oy darsliklarsiz o‘qishi ularning chuqur bilim egallashiga bir umr ta'sir etishi mumkin axir?

Qo‘shnisi bilan kitobni galma-gal foydalanayotgan, partadoshi bilan bir kitobdan ilm olayotgan o‘quvchilarga rahmimiz keldi.

Darslik, kitob yetishmayotgan ta'lim muassasalarda ta'lim sifati ham shunga yarasha bo‘ladi...   

Faqat mutasaddilardan bitta iltimosimiz bor. Tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng bizga bor haqiqatni aytgan ustozlarni ayblamang. Namangan shahri maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar sidqidildan, bor ilmini yoshlarga berish maqsadida mehnat qilayotganiga guvohmiz.  

KUN.UZ muxbiri,
Elmurod Ermatov

Mavzuga oid