O‘zbekiston | 01:53 / 28.09.2019
5046
4 daqiqa o‘qiladi

Saylov tashviqoti ommaviy axborot vositalarida qanday yoritiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Markaziy saylov komissiyasi va Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan jurnalistlar uchun trening o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Unda jurnalistlarga joriy yilgi saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar va yangiliklar haqida ma'lumot berildi. Shuningdek, jurnalistlarning saylovoldi tashviqotining OAVlarda yoritilishi bo‘yicha savollariga javob berildi.

Farhod Nasriddinov

«Bu borada hamma partiyaga teng sharoit yaratib berishga ahamiyat beriladi. Ya'ni, davlat OAVlarida tekin efir vaqti, bepul nashr maydoni ajratiladi.

Lekin, bordi-yu, qaysidir partiya vakili xususiy OAVlarga saylovoldi tashviqotini yoritish uchun murojaat qilsa, bu OAV o‘sha okrugdagi boshqa deputatlikka nomzodlarga ham bir xil sharoit yaratib berishi kerak», — deya ma'lumot berdi Markaziy saylov komissiyasi bo‘lim boshlig‘i Farhod Nasriddinov.

Uning tushuntirishicha, bu, asosan, to‘lov pulida namoyon bo‘ladi.

«Deputatlika nomzodlar nodavlat OAVlaridan ham o‘z tashviqot dasturlarini yoritish uchun foydalanishi mumkin. Lekin OAV ham o‘z navbatida tarozini ushlashi kerak. Masalan, qaysidir OAV bitta partiyadan 100 ming so‘m targ‘ibot uchun shartnoma tuzsa, boshqa partiyadan undan ko‘p olishi kerak emas. Rahbariyat va moliyaviy ishlarga mas'ullar ham bu borada e'tibor bilan qarashi maqsadga muvofiq bo‘ladi», — dedi Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva.

Shuningdek, moddiy jihatdan ta'minoti yaxshiroq bo‘lgan siyosiy partiya boshqalarga qaraganda ko‘proq targ‘ibot ishlarini olib borib, saylovda tengsizlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yishmaydimi, degan mazmundagi savolga Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov aniqlik kiritdi.

Xudoyor Mamatov

«Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovoldi targ‘ibotini olib borish uchun har bitta partiyaga teng miqdorda mablag‘ ajratib beriladi. Ular tashviqot uchun partiyaning budjetidan pul ajratishi mumkin emas. Bunda partiyalar xohlasa, kattaroq auditoriyaning e'tiborini jalb qilish uchun nodavlat OAVlariga murojaat qilishi mumkin. Bu ularning tanloviga bog‘liq», — dedi Xudoyor Mamatov.

Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyevaning ta'kidlashicha, saylov targ‘iboti jarayonlarida OAVlarning alohida monitoringi qilib boriladi. Masalan, qaysidir telekanalning bitta partiyaga ko‘proq yon bosgani sezilsa, ularga bu haqida ma'lumot beriladi.

Bundan tashqari, treningda ma'lumot berilishicha, O‘zbekistonda saylov tashviqoti uchun xarajatlar to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi. Bunda siyosiy partiyaning deputatlikka nomzodi ro‘yxatga olinganidan kelib chiqib pul ajratiladi va uning hisobdorligi yuritiladi. Siyosiy partiya tashviqot uchun istalgan turdagi OAVni tanlashi mumkin, lekin uning hisobdorligini yuritib borishi zarur.

Lekin turli ijtimoiy tarmoqlar va bloglar orqali qilingan tashviqotning hisobdorligi qanday qilib yuritilishi bo‘yicha aniq izoh berilmadi. Shunday bo‘lsa-da, partiyalarning ishlatgan moliyaviy mablag‘i haqida ma'lumot berib borishi kerakligi ularning mas'uliyatini oshirishi mumkinligi haqida aytib o‘tildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid