O‘zbekiston | 10:53 / 02.10.2019
10689
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi 

Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qoidalarning 2-bandiga (FHDYo organlari, fuqarolar yig‘inlari va O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishga doir o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, ushbu Qoidalarga hamda FHDYo organlari faoliyatiga taalluqli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi) “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga,” so‘zlaridan keyin “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga,” so‘zlari qo‘shildi.

18-band quyidagi tahrirda bayon qilindi:

“18. Belgilangan muddatning o‘tib ketganligi tug‘ilganlikning qayd etilishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

Bunda, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilishini qayd etish uchun FHDYo organiga tug‘ilishni qayd etish muddatini o‘tkazib yuborganlik sabablari ko‘rsatilgan ariza bolaning ota-onasi, ota-onaning qonuniy nikohi mavjud bo‘lgan hollarda ulardan biri yoki ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaxs, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etiladi.

Bunday hollarda FHDe organi tug‘ilish faktini tasdiqlovchi hujjatga qo‘shimcha ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa hujjatlarni ham talab qiladi.

Agar tug‘ilganlikni qayd etish to‘g‘risidagi ariza belgilangan muddatdan o‘tkazilib berilgan bo‘lsa, tug‘ilish tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnomalarni qayd etish joriy ro‘yxatga olish daftariga qayd etiladi, bola to‘g‘risidagi ma'lumotlar: familiyasi, ismi, dalolatnoma yozuvi tartib raqami, sanasi bolaning haqiqiy tug‘ilgan yilidagi hamda joriy yilda yuritilgan Alfavit daftarlarga yozib qo‘yiladi”.

148-bandda (Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud bo‘lganda va manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmaganda, ushbu yozuvlar saqlanayotgan joydagi, agar ular O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan bo‘lsa, FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi):

quyidagi mazmundagi to‘rtinchi - oltinchi xatboshilar qo‘shildi:

“Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.

O‘lim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindosh(lar) yoki merosxo‘r(lar)ning arizasiga ko‘ra FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

Vafot etgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qo‘shimchalar sud qaroriga asosan FHDYo organi tomonidan kiritiladi”;

to‘rtinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblanadi.

149-bandning (Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi) o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

“dalolatnoma yozuvlarida imloviy xato va noaniqliklar bo‘lganda, shuningdek tug‘ilgan vaqti, joyi va otasining ismi haqidagi yozuv mavjud bo‘lmaganda”.

Mavzuga oid