Jamiyat | 16:10 / 02.10.2019
38922
5 daqiqa o‘qiladi

«Kamsitish, haqorat va urish». Toshkentda yana tez yordam shifokori kaltaklandi

Ijtimoiy tarmoqlarda shifokor-kardiolog Jahongir Hojiyev o‘zining kaltaklanganiga oid ma'lumotlar qoldirdi.

«Men Toshkent shahri 6-podstansiya tez-tibbiy yordam shifokori Jahongir Hojiyevman, meni 30 sentabr kuni soat 00:40da kaltaklashdi, burnimni sindirib, jarohat yetkazishdi, miyam chayqaldi.

29 sentabr kuni soat 22:51da chaqiriq kelib tushgan bo‘lsa, 12 daqiqada belgilangan manzilga yetib bordik. Bizni mast erkaklar qarshi olishdi va stullarda yotgan 28 yoshli qiz yoniga olib borishdi. Qizda psixomotor qo‘zg‘alish kuzatilayotgandi. Uning atrofida 20dan ortiq odam to‘planib olgan, hammasi tinimsiz baqirar, meni va sheriklarimni haqorat qilishardi. Men ulardan tinchlanishni va bemorga yordam berishimga xalaqit qilmaslikni so‘radim. Qizning hayotiy ko‘rsatkichlari me'yorida ekanligini tushuntirdim. Lekin ular men va feldsherni haqoratlashda davom ettirishdi. Men yordam ko‘rsatdim, qiz uxlab qoldi. Ma'lum vaqt o‘tib yana uyg‘ondi va yana qichqirishni boshladi.

Uni shahar 7-klinik shifoxonasiga olib ketdik. Qabulxonada nevropatolog chaqirtirdim, lekin qarindoshlari nevropatologni ham haqoratlashdi. Cho‘chib ketgan nevropatolog qizni reanimatsiyaga olib borishni so‘radi. U yerda shifokor va hamshiralar qizni tinchlantira boshlashdi. Lekin uning qarindoshlari bu bo‘limga ham kirib, shifokorlarni kamsitib, haqoratlab urishda davom etishdi. Men yo‘lakka chiqqanimda qizning akasi kutilmaganda boshi bilan yuzimga zarba berdi va burnimni sindirdi. Kuchli qon keta boshladi. Militsiya chaqirishga to‘g‘ri keldi. Ammo militsiya ham bu (...)larni qiyinchilik bilan tinchlantira oldi.

Qizga keyingi kuniyoq javob berishdi, chunki u butunlay sog‘lom edi.

Men hozirda 7-klinik shifoxonada «Burun suyaklarining yopiq sinib siljishi, miya chayqalishi va bosh miya suyagining aralash yopiq sinib jarohatlanishi, bosh miya chayqalishi» tashxisi bilan davolanyapman. Uchinchi kundirki biror kishi kelib ahvoling qalay, deb so‘ramadi.

2,5 yildan buyon tez tibbiy yordamda ishlayman. Odamlar shifokorlarga yildan yilga yomonroq munosabatda bo‘layotganini ko‘rib turibman. Ayniqsa tez tibbiy yordam shifokorlari qiyin ahvolda. Har kuni shifokorlar do‘pposlanadi, zo‘ravonlar esa jazosiz qolaveradi.

Menga juda alam qiladi. 10 yil davomida kontrakt asosida juda katta mablag‘ to‘lab o‘qidim. Arzimas maosh evaziga ertalabdan kechgacha, chaqiriqdan-chaqiriqqacha ishlayman. Hammaga yordam berishga harakat qilaman, o‘z ustimda ishlayman. Buning hammasi uchun «minnatdorchilik» sifatida mana shu jarohatlarni oldim...

Vazirimizga savolim bor: nega biz haqimizda hech kim qayg‘urmayapti? Nega boshqa tizimlarda xodimlar manfaati uchun sezilarli o‘zgarishlar bo‘layotgan bir paytda sog‘liqni saqlash tizimida hatto ishlash xavfli bo‘lib qoldi?», deya so‘zlarini tugatgan shifokor.

Bu masala bo‘yicha Sog‘liqni Saqlash vazirligi bilan bog‘landik. Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Furqat Sanayev bu masala nazoratga olinganini ma'lum qildi va mavzuga oid ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Bu vazirligimizning eng og‘riqli muammolaridan biriga aylandi, desam adashmagan bo‘laman. Afsuski, Sog‘liqni saqlash vazirligi jinoyatga huquqiy baho berish, aniqlash va jazolash vakolatiga ega emas. Faktlarga e'tibor bering: so‘nggi 1 yil-u 9 oy ichida mamlakatimizda birgina shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi xodimlariga nisbatan 100dan ortiq holatda tajovuzlar qayd etilgan. Ularning ko‘pida tomonlar kechirim so‘rash bilan  yarashtirilgan. Lekin ba'zi holatlarda umuman huquqiy ta'sir choralari ko‘rilmagan. Ko‘pincha shifokorlarga bo‘layotgan tajovuz, suiqasd holatlariga bevosita vazirlikning murojaati bilan, shundan so‘nggina huquqiy chora ko‘rilayotganini qanday baholash mumkin?

Nima uchun huquqni muhofaza qilish, ichki ishlar, MIB kabi tizimlar xodimlariga qilingan har qanday tajovuzga darhol huquqiy baho beriladi, aybdor aniqlanadi va hatto ozodlikdan mahrum bo‘lishgacha bo‘lgan jiddiy jazolar qo‘llanadi-yu, bunday tezkorlik SSV tizimiga kelganda unutiladi? Nega yaqqol ko‘rinib turgan ishlar bo‘yicha ham jazo muqarrarligi paysalga solinadi?

Qonunchilikka aniq o‘zgartirishlar kiritish kiritish payti kelganini bir necha marta ta'kidladik, o‘z takliflarimizni berganmiz. Bugun bu masala har qachongidan ham dolzarb», deydi vazirlik vakili.

Mavzuga oid