Jahon | 20:32 / 07.10.2019
2951
2 daqiqa o‘qiladi

Ekvadorda namoyishlar vaqtida 500 ga yaqin odam ushlandi 

Ekvadorda hukumatning iqtisodiy choralariga qarshi o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlarida ushlanganlar soni 477 kishiga yetdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.  

Mamlakat ichki ishlar vaziri Mariya Paula Romoning ma'lum qilishicha, barcha ushlanganlar vandallikda, jumladan tez yordam va politsiya mashinalariga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarda gumon qilinmoqda.   

O‘tgan hafta Ekvador prezidenti Lenin Moreno 3 oktyabrdan dizel yonilg‘isi va benzinga subsidiyalarni bekor qilish haqidagi farmonni imzolagach, ular narxi 120 foizdan ko‘proqqa oshib ketgan. Kasaba uyushmalari vakillari bu qarorga qarshi chiqishlarini va noroziliklar tashkillashtirishlarini e'lon qilishgan. 3 oktyabrdan transport xodimlari mamlakatning butun hududi bo‘ylab muddatsiz ish tashlashni e'lon qilishgan. Bundan tashqari, namoyishchilar yirik avtomagistrallarni to‘sa boshlashgan.

Ba'zi shaharlarda namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketgan. Moreno yuzaga kelgan holatda favqulodda vaziyat e'lon qilib, uning kiritilishini “fuqarolarning osoyishtaligi va xavfsizligini himoyalash hamda tartibsizliklarga undayotganlarni nazorat qilish” zarurati bilan tushuntirgan. 4 oktyabrda transport kasaba uyushmalari yetakchisi butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashlar to‘xtatilishini e'lon qilgan. Biroq mahalliy matbuot ma'lumotlariga ko‘ra, yirik shaharlarda harakat hali ham to‘liq tiklanmagan. 

Shuningdek, Ekvador poytaxti Kito rahbariyati 7 oktyabrda ishga chiqmaydigan haydovchilarga ma'muriy choralar qo‘llashga qaror qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid