Eronda to‘qqiz kundan beri davom etayotgan ko‘cha namoyishlarida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, 1200 dan ortiq namoyishchi esa hibsga olingan. Bu haqda Deutsche Presse-Agentur (dpa) agentligi Human Righs Activiss in Iran huquqni himoya qiluvchi tashkilot va uning HRANA media tarmog‘iga tayanib, dushanba kuni, 5 yanvarda xabar berdi.

HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oxirida boshlangan Erondagi norozilik namoyishlari kamida 88 shaharda, ya’ni mamlakatning 31 viloyatidan 27 tasida bo‘lib o‘tgan. Huquq himoyachilari yozishicha, ma’lum bir pallada eronlik kuch tuzilmalari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishni boshlagan, ayniqsa kichik aholi punktlaridagi aksiyalarda.

Bu kabi harakatlar yirik shaharlarda, jumladan Mashhad va Eron poytaxti Tehronda yangi namoyishlar to‘lqinini qo‘zg‘atgan. Demonstratsiyalarga butun mamlakat bo‘ylab kamida 17 ta oliy o‘quv yurti talabalari qo‘shilgan. Javoban, OAV ma’lum qilishicha, kuch tuzilmalari kampuslar hududida reydlar o‘tkazishni boshlagan. Umuman olganda, mamlakatda boshlangan noroziliklar 2022 yildan beri Eron uchun eng ommaviysi bo‘ldi. O‘shanda fuqarolar noroziligiga 22 yoshli Mahsa Aminiy “axloq politsiyasi” tomonidan ushlanganidan so‘ng vafot etgani sabab bo‘lgan edi.

Huquq himoyachilarining xabar berishicha, ommaviy namoyishlar davomida halok bo‘lgan 35 kishining 29 nafari — namoyishchilar, to‘rt nafari — bolalar, yana ikki nafari — xavfsizlik kuchlari xodimlaridir.

Bundan oldin Eron davlat OAV shunday ehtimoliy holatlardan kamida bittasi haqida yozgan edi: Ko‘hdesht shahridagi namoyishda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga bo‘ysunuvchi “Basij” harbiylashtirilgan tuzilmasi ishtirokchisining 21 yoshli a’zosi o‘ldirilgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kuch tuzilmalari Ko‘hdeshtdagi aksiyani tarqatish uchun qurol ishlatishga uringan. Javoban, namoyishchilar tosh otishni boshlagan va “Basij” a’zosining o‘limiga ham shu sabab bo‘lishi mumkin.

5 yanvar kuni Islom Respublikasi sud hokimiyati vakillari namoyishlar paytida hibsga olinganlarga nisbatan hech qanday yengillik qilinmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Eronda 2025 yil davomida qariyb ikki ming kishi qatl etilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p.

Britaniyaning The Times gazetasi Buyuk Britaniya razvedkasiga tayanib avvalroq xabar qilishicha, 86 yoshli oyatulloh Ali Xomanaiy agar armiya va xavfsizlik kuchlari buyruqlarni bajarmay qo‘yishi, namoyishchilar tomoniga o‘tib ketishini ko‘rsa, Tehronni tark etishni rejalashtirmoqda.